Javob: Huquqiy davlat – insoniyatning ming yillar mobaynidagi mashaqqatli mehnati evaziga shakllangan taraqqiyot g‘oyasi bo‘lib, huquq normalariga, insonning qadr-qimmati, erkinligi va huquqlarini himoya qilishga qaratirilgan fundamental huquqiy prinsiplariga so‘zsiz rioya qiladigan, demokratik prinsiplar asosida qabul qilingan qonunlar oldida barcha teng va hisobdor bo‘lgan, hech kim qonundan ustun turmaydigan davlatdir.
Bugun Yangi O‘zbekiston insonparvar, adolatli, erkin va xalqchil bo‘lgan huquqiy davlat qurish yo‘lida odimlamoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev 2022-yil 20-iyunda Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari bilan uchrashuvda “Faqat huquqiy davlat sharoitidagina insonning hayoti, erkinligi, shaʼni, qadr-qimmatini to‘liq taʼminlash, tom maʼnoda xalqparvar boshqaruv tizimini shakllantirish mumkin”, deb taʼkidlagan edi.
Shu maqsadda, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 1-moddasida “O‘zbekiston – huquqiy davlat” degan tamoyil mustahkamlandi.
Konstitutsiyada O‘zbekistonni huquqiy davlat ekanligini alohida belgilash – davlat o‘z faoliyatini, jamiyat va fuqarolarning yashash tarzini faqat Konstitutsiya va qonunlar asosidagina amalga oshirilishini taʼminlaydi. Pirovardida, davlat organlari va mansabdor shaxslar qonun ustuvorligi asosida xalq manfaatlari uchun ishlaydi, unga xizmat qiladi.
Yangilangan Konstitutsiyamizning boshqa normalarida ham huquqiy davlat prinsipini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan mexanizmlar va kafolatlar mustahkamlandi. Birinchidan, davlat faoliyati qonun ustuvorligi, qonuniylik prinsipi asosida amalga oshirilishini taʼminlash bo‘yicha Konstitutsiyaning oliy yuridik kuchga egaligi hamda uning to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilishi belgilandi. Natijada davlat organlari, shu jumladan, sudlar o‘z faoliyatida Konstitutsiyaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilgan holda qarorlar qabul qiladi. Ikkinchidan, inson huquq va erkinliklari xalqaro huquq va Konstitutsiya normalariga muvofiq kafolatlanmoqda, ular qonunchilik va davlat organlari faoliyatining mazmunini belgilashi mustahkamlandi. Shuningdek, insonga nisbatan davlatning huquqiy taʼsir choralari qonunlarda nazarda tutilgan maqsadlarga erishish uchun yetarli va mutanosib bo‘lishi shartligi va inson bilan davlat organlarining o‘zaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha qarama-qarshiliklar va noaniqliklar inson foydasiga talqin qilinishi mustahkamlandi.
Fransiya, Germaniya, Ispaniya, Turkiya kabi davlatlar konstitutsiyalarida o‘zini huquqiy davlat deb belgilagan.
Mazkur yangilik barchaning qonun oldida tengligini va qonundan xech kim ustun emasligini taʼminlash, insonlar ongiga qonunlarga hurmat va itoat etib yashash lozimligini singdirish, umuman olganda davlat organlarining xalqqa xizmat qilishi uchun mustahkam huquqiy asos bo‘ladi. Shuningdek, O‘zbekistonning “Huquq ustuvorligi indeksi”, “Jahon mamlakatlari demokratiyasi indeksi” kabi xalqaro nufuzli reytinglarda o‘rnini yaxshilanishiga imkon beradi.
Javob: Ijtimoiy davlat har bir inson uchun farovon turmush darajasi, xususan sifatli taʼlim, kafolatli tibbiy xizmat, munosib mehnat sharoiti va adolatli ish haqi, pensiya va nafaqalar, ijtimoiy yordam va xizmatlar tizimi yaratilgan, uy-joyli bo‘lish sharoiti mavjud bo‘lgan, ijtimoiy tafovutlar yumshatilgan, muvozanatlashgan, hech bir fuqaro o‘z muammolari bilan yolg‘iz qolmaydigan adolatli davlatdir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev 2022-yil 20-iyunda Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari bilan uchrashuvda “Asosiy qonunimizda «O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” degan tamoyilni mustahkamlashni taklif etaman. Chunki “inson qadri” tushunchasi “ijtimoiy davlat” tushunchasi bilan chambarchas bog‘liqdir. Ushbu g‘oyaning tub negizida ham avvalo inson qadrini ulug‘lash, insonga xizmat qilishdek olijanob maqsad mujassamdir», deb taʼkidlagan edi.
Yangilangan Konstitutsiyamizda ijtimoiy davlat modelini amalga oshirish mexanizmlari belgilandi. Birinchidan, Konstitutsiyamizda aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand toifalarini uy-joy bilan taʼminlash bo‘yicha davlatning majburiyatlari, mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorini belgilashda insonning munosib yashashini (oziq-ovqat, kiyim-kechak, uy-joy, kommunal, transport, aloqa va boshqalar) taʼminlash hisobga olinishi alohida belgilandi. Ikkinchidan, davlat fuqarolarning bandligini taʼminlash, ishsizlikdan himoya qilish, kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha majburiyatlar olmoqda. Uchinchidan, fuqarolarning kafolatlangan tibbiy yordamga bo‘lgan huquqlari belgilandi va davlatning taʼlimning barcha shakllariga g‘amxo‘rlik qilishi, inklyuziv taʼlimni taʼminlashi, o‘qituvchining maqomiga oid normalar mustahkamlandi. To‘rtinchidan, ijtimoiy davlatning asosiy vazifasi sifatida barcha uchun teng imkoniyatlar, oilalar, bolalar, ayollar, qariyalar, nogironligi bor shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga oid yangi qoidalar o‘rnatildi. Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining ijtimoiy davlat tamoyilini amalga oshirishga qaratilgan yangi vazifa va vakolatlari belgilandi. Umuman olganda, yangilangan Konstitutsiyada davlatning ijtimoiy majburiyatlari uch baravardan ortiqqa ko‘paydi.
Ijtimoiy davlat prinsiplari Germaniya, Fransiya, Ispaniya, Xorvatiya, Turkiya va boshqa bir qator davlatlar konstitutsiyalarida mustahkamlangan.
Javob: Dunyoviy davlat – diniy tashkilotlar va birlashmalar davlatdan hamda davlat hokimiyati dindan ajratilgan, davlat boshqaruvi diniy qoidalar bilan emas, balki Konstitutsiya va qonun hujjatlari bilan tartibga solinadigan, qarorlar qabul qilishda diniy asoslarga tayanilmaydigan davlat hisoblanadi.
Dunyoviy davlat vijdon va eʼtiqod erkinligining mavjudligi, davlatning jamiyat hayotida fuqarolar tomonidan eʼtiqod qilinayotgan dinlarga teng va birdek betaraf munosabatda bo‘lishi hamda hech qaysi dinning davlat dini sifatida o‘rnatilmasligi bilan tavsiflanadi. Dunyoviy davlat fuqarolarga taʼlim olish, shaxsiy rivojlanish yo‘lini mustaqil tanlash imkoniyatini yaratish hamda ilm-fan va madaniy taraqqiyotda ijodiy erkinlikni taʼminlashni ko‘zda tutadi.
Dunyoviy davlatda din davlatdan va siyosatdan ajratilsa-da, jamiyatdan ajratilmaydi, balki insonlarning maʼnaviy va ruhiy kamolotga erishishining omili bo‘lib hisoblanadi. Shu nuqtayi nazardan, dunyoviylik – dahriylik emasdir, ayni paytda dunyoviy davlat dahriylikka targ‘ib etuvchi davlat ekanligini anglatmaydi. Aksincha, dunyoviy davlatda barcha uchun vijdon va eʼtiqod erkinligi huquqi taʼminlanadi, turli din vakillariga teng imkoniyat yaratib beriladi hamda diniy eʼtiqodni chuqur hurmat qilgan holda, dunyoviy taraqqiyot yo‘lidan boriladi. Eng muhimi, dunyoviy davlat barcha dinlar uchun nafaqat teng sharoitlar yaratib berishni, balki fuqarolarga taʼlim olish, shaxsiy rivojlanish yo‘lini mustaqil tanlash imkoniyatini yaratish hamda ilm-fan va madaniy taraqqiyotda ijodiy erkinlikni taʼminlashni ko‘zda tutadi.
Umumiy maʼnoda davlat dunyoviy davlatda diniy masalalarda rasman betaraf bo‘ladi yoki diniy masalalarga aralashishdan o‘zini tiyadi. Dunyoviy davlatning muhim xususiyatlaridan biri – turli din vakillarining bag‘rikenglik va tinch-totuvlikda yashashidir. Jamiyatda turli-tuman din va madaniyatlar vakillari mavjud bo‘lgan holda, davlat boshqaruvi va siyosati, albatta bir mafkuraga yoki diniy qarashga asoslana olmaydi. Bunday sharoitda har bir davlat uchun eng adolatli va to‘g‘ri yo‘l – dunyoviy davlat yo‘lidir.
Dunyoviy davlat prinsiplari ko‘plab xorijiy mamlakatlar konstitutsiyalarida (Turkiya, Ozarbayjon) mavjud. Masalan, o‘z konstitutsiyasida ushbu prinsipni belgilagan Turkiya tajribasi ham shundan dalolat beradi-ki, dunyoviy taraqqiyot va barcha demokratik tizimlarda dunyoviy davlatning asosiy prinsiplaridan biri – vijdon erkinligi kafolatlangan.
O‘zbekistonda 16 ta diniy konfessiyaga mansub 2300 dan ortiq diniy tashkilotlar faoliyat yuritmoqda. Turli diniy eʼtiqodga mansub aholiga ega davlatda eʼtiqod erkinligining kafolatlanishi siyosiy va huquqiy ahamiyat bilan birga, ijtimoiy ahamiyatga ega. Shu bois, har bir inson xohlagan dinga eʼtiqod qilishi yoki hech qaysi dinga eʼtiqod qilmasligi huquqiga egaligi, diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘yilmasligi belgilangan bo‘lib, shaxsning diniy eʼtiqodi bo‘yicha unga qo‘shimcha huquq yoki majburiyatlar yuklanmaydi.
Javob: Barqaror rivojlanish deganda – iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik vaziyatni har tomonlama yaxshilash orqali hayot tarzini yaxshilash va turmush farovonligini oshirish, adolatli va barqaror jamiyat qurish tushuniladi.
Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi ijtimoiy davlat prinsiplari asosida inson qadrini yuksaltirish, kambag‘allikni qisqartirish, har bir kishini kafolatli daromad manbai bilan taʼminlash kabi barqaror rivojlanishga erishishga qaratilgandir.
Shu bois, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 14-moddasi “Davlat o‘z faoliyatini inson farovonligini va jamiyatning barqaror rivojlanishini taʼminlash maqsadida qonuniylik, ijtimoiy adolat va birdamlik prinsiplari asosida amalga oshiradi”, degan mazmunda bayon etilib, barqaror rivojlanishni taʼminlash davlat faoliyatining asosiy vazifasi sifatida belgilandi.
Ushbu norma kiritilishining zarurati, eng avvalo, respublikada barcha sohalarning barqaror rivojlanishini taʼminlash hamda davlat byudjetini shakllantirishda, soliqlarni belgilashda, qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilishda davlatning xalq oldidagi vazifalarini yetarli darajada bajarishdan iboratdir.
Davlat o‘z faoliyatini jamiyatning barqaror rivojlanishini taʼminlash maqsadida amalga oshiradi deb belgilanishida ijtimoiy davlat g‘oyasi o‘z ifodasini topayotganligini ko‘rish mumkin.
Mamlakatimizda 2030-yilgacha davrga bo‘lgan Barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarda aholi farovonligini oshirish, sog‘lom turmush tarzi, sifatli taʼlim, gender tenglik, barqaror infratuzilma, xavfsizlik va ekologik barqarorlikni taʼminlash, shuningdek bandlikni oshirish, tengsizlikni barcha ko‘rinishlarda qisqartirish, iqlim o‘zgarishi va uning oqibatlariga qarshi kurashish, barcha uchun imkoniyatlardan foydalanish kabi muhim maqsad va vazifalar belgilangan.
Davlat o‘z faoliyatini jamiyatning barqaror rivojlanishini taʼminlash maqsadini amalga oshiradi degan o‘xshash normalar Yaponiya, Niderlandiya kabi davlatlar konstitutsiyalarida ham belgilangan.
Javob: Yangilangan Konstitutsiyamizning 14-moddasiga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, “Davlat o‘z faoliyatini inson farovonligini va jamiyatning barqaror rivojlanishini taʼminlash maqsadida qonuniylik, ijtimoiy adolat va birdamlik prinsiplari asosida amalga oshiradi”, deb belgilab qo‘yildi. Bu bilan Konstitutsiyamizda ilk marotaba “ijtimoiy birdamlik” tushunchasi belgilandi.
Ijtimoiy birdamlik – ijtimoiy davlatning muhim belgisi sifatida jamiyatni birlashtiradigan va mustahkamlaydigan, insonlarni umumiy maqsad yo‘lida safarbar qiluvchi, insonlar o‘rtasida o‘zaro bog‘liqlikni taʼminlashga qaratilgan munosabatlar, jamiyatni birgalikda rivojlantirish prinsipidir.
Ushbu prinsip XIX asr oxiri XX asr boshlarida paydo bo‘lgan ijtimoiy birdamlik nazariyasi asosida kelib chiqqan bo‘lib, Germaniya, Fransiya, Italiya, Ispaniya va Polsha kabi mamlakatlar konstitutsiyalarida davlat faoliyatining asosiy prinsiplaridan biri sifatida mustahkamlangan.
Mazkur prinsip jamiyat hayotida tinchlik, millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglik, do‘stlik va hamjihatlik tuyg‘usini mustahkamlashga, umumxalq manfaatlarini yuzaga chiqarishga, pirovardida odamlar o‘rtasida ijtimoiy birdamlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Ijtimoiy birdamlik jamiyatda hech bir insonni orqada yoki o‘z muammolari bilan yolg‘iz qolib ketmasligini hamda insonlarni bir-biriga o‘zaro yordam ko‘rsatishga asoslangan rivojlanishni taʼminlaydi.
Ushbu prinsip fuqarolar o‘rtasida o‘zaro hurmat, ishonch tuyg‘usini uyg‘otib, inson-jamiyat-davlat manfaatlari yo‘lida belgilangan vazifalarni bajarishda yaqindan hamkorlikni taʼminlaydi.
Jamiyatda ijtimoiy birdamlikni amalga oshirishda moliyaviy-iqtisodiy mexanizmlar ham muhim o‘rin tutadi. Xususan, hududlararo mutanosib ijtimoiy- iqtisodiy rivojlanishni taʼminlashni va ehtiyojmand aholini iqtisodiy qo‘llab-quvvatlashda byudjetdan moliyalashtirishning tatbiq etilishida ham namoyon bo‘ladi.
Eng muhimi, ijtimoiy birdamlik prinsipining Konstitutsiyamizga kiritilishi O‘zbekistonda istiqomat qilayotgan 130 dan ortiq millat va elatlarni Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida, ularning millati, tili, dini, jinsi, ijtimoiy kelib chiqishi hamda jamiyatdagi mavqeidan qatʼiy nazar, o‘zaro hamkorligini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
Javob: Konstitutsiyaning eng asosiy yuridik xususiyatlaridan biri – uning oliy yuridik kuchga ega ekanligidir. Shu bois, yangilangan Konstitutsiyaning 15-moddasida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi mamlakatning butun hududida oliy yuridik kuchga ega, degan ustuvor qoida belgilandi.
Konstitutsiya oliy yuridik kuchga ega deganda – qonunchilik hujjatlarining tizimida (iyerarxiyasida) eng yuqori o‘rinda turishi hamda uning boshqa har qanday normativ-huquqiy hujjatlardan ustunligi tushuniladi.
Shu o‘rinda, Asosiy qonunimizning Muqaddimasida “xalqaro huquqning umum eʼtirof etilgan normalari ustuvorligi tan olinganligi” uchun Konstitutsiya va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarning amal qilinishida xalqaro hujjatlarga muvofiqlikka eʼtibor qaratiladi.
Qonunchilik hujjatlariga Konstitutsiya, qonunlar, Oliy Majlis palatalari qarorlari, Prezident farmon, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasi qarorlari, vazirlik va idoralar buyruqlari hamda qarorlari, shuningdek mahalliy davlat hokimiyati organlari qarorlari kiradi.
Konstitutsiyaning oliy yuridik kuchga ekanligi uning siyosiy-huquqiy hujjatligi, parlamentda qabul qilinishining alohida tartibiga ega ekanligi yoki umumxalq ovozi (referendum) asosida qabul qilinishi, davlatning ichki va tashqi siyosatining asosiy strategik yo‘nalishlarini, insonning asosiy huquq va erkinliklarini belgilashida ham namoyon bo‘ladi.
Konstitutsiya oliy yuridik kuchga egaligini belgilovchi normalar AQSH, Yaponiya, Singapur, Braziliya kabi davlatlar konstitutsiyalarida ham mavjud.
Javob: Konstitutsiyaning to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilishi va mamlakatning butun hududida qo‘llanilishi huquqiy davlatning muhim va asosiy shartlaridan biridir.
Barcha davlat organlari, mansabdor shaxslar, fuqarolarning yangi konstitutsiyaviy norma va prinsiplarga og‘ishmay amal qilishi, Konstitutsiya to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladigan hujjat bo‘lishi shartligi, davlat organlari, ayniqsa, sudlar o‘z faoliyatida Konstitutsiyaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilishi, uning normalariga asoslanib ish ko‘rishi zarur.
Shu bois, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 15-moddasida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi mamlakatning butun hududida oliy yuridik kuchga ega, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladi va yagona huquqiy makonning asosini tashkil etadi, degan norma belgilandi.
Konstitutsiyaning to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilishi – davlat organlari, ularning mansabdor shaxslari, shu jumladan, sudlar tomonidan Konstitutsiya normalarini huquqni qo‘llash amaliyotida bevosita qo‘llagan holda qarorlar qabul qilish, fuqarolarning Konstitutsiya normalaridan to‘g‘ridan-to‘g‘ri foydalanishi va rioya etishini ko‘zda tutadi. Jumladan, vazirliklar, hokimliklar sudlar, prokuratura, ichki ishlar organlar va boshqa davlat organlari, mansabdor shaxslar muayyan bir holat yoki ish yuzasidan Konstitutsiyada belgilangan normalarni aniq ko‘rsatgan holda qarorlar qabul qiladi.
Fuqarolar esa kundalik hayotda Konstitutsiyada belgilangan normalarga murojaat qilgan holda o‘z huquq va erkinlarini amalga oshiradi. Masalan, Konstitutsiyaning 47-moddasiga kiritilgan qoidaga asosan, sudning qarorisiz uy-joydan mahrum etilishga yo‘l qo‘yilmaydi. Mazkur huquq buzilsa fuqaro aynan Konstitutsiyada mening huquqim kafolatlangan deb, tegishli o‘z huquqini tiklashi mumkin.
Taʼkidlash lozimki, konstitutsiyaning to‘g‘ridan-to‘g‘ri taʼsirini taʼminlash tizimi asosiy qonun normalarining bevosita qo‘llanishini himoya qilishga yo‘naltirilgan bo‘lishi kerak.
Ushbu normaning kiritilishi natijasida kundalik hayotimizda biron imtiyoz yoki huquqdan foydalanmoqchi bo‘lganda, davlat organlari xodimlari tomonidan “hali tartibi ishlab chiqilmagan” yoki “yuqoridan bizga ko‘rsatma yoki buyruq berilmagan” qabilidagi bahonalar konstitutsiyada belgilangan normalarga nisbatan qo‘llanilmaydi.
Konstitutsiyaga kiritilgan mazkur qoida orqali Konstitutsiya normalari ularni qo‘llash tartibi alohida qonunchilik hujjatlarida mavjud yoki mavjud emasligidan qatʼi nazar to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilishiga erishiladi.
Javob: Huquqiy tizim huquq sohalarining tuzilishi, o‘zaro aloqasi va munosabatini ochib beradigan tushunchadir.
Taʼkidlash lozimki, yangilangan Konstitutsiyamizning 15-moddasida O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan prinsip va normalari bilan bir qatorda O‘zbekiston Respublikasi huquqiy tizimining tarkibiy qismidir degan norma mustahkamlandi.
Bugungi kunda O‘zbekiston xalqaro huquqning to‘la huquqli subyekti sifatida xalqaro huquqning umum eʼtirof etilgan prinsiplari va normalarini qamrab olgan, birgina inson huquqlariga oid 80 dan ortiq xalqaro hujjatlarga qo‘shilgan.
1969-yil 23-maydagi “Xalqaro shartnomalar huquqi to‘g‘risida”gi Vena konvensiyasiga binoan xalqaro shartnoma – bitta yoki bir-biri bilan bog‘liq bo‘lgan bir nechta hujjatdan iborat bo‘ladigan, shartnoma, bitim, konvensiya, akt, pakt, bayonnoma, xatlar yoki notalar almashinuvi hamda xalqaro shartnomaning boshqacha nomlari va tuzilish usullaridan qatʼi nazar, xorijiy davlat, xalqaro tashkilot bilan yozma shaklda tuzilgan, xalqaro huquq bilan tartibga solinadigan xalqaro kelishuv hisoblanadi.
Germaniya, Fransiya, Ispaniya, Sloveniya va bir qator boshqa davlatlar konstitutsiyaviy amaliyotida xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan prinsip va normalari milliy huquqiy tizimining tarkibiy qismi ekanligi belgilangan.
O‘zbekiston va boshqa davlatlarda xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan prinsiplari va normalarini huquqiy tizimning tarkibiy qismi sifatida belgilanishi to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladigan qonunlar, xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya yoki ularga qo‘shilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida o‘z ifodasini topadi.
O‘zbekiston Respublikasi xalqaro munosabatlarning to‘la huquqli subyekti sifatida davlatimizning xalqaro shartnomalari xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan prinsiplari va normalari bilan bir qatorda, O‘zbekiston huquqiy tizimining tarkibiy qismi ekanligi konstitutsiyaviy tarzda ifoda etilishi davlatimizning xalqaro miqyosidagi nufuzi yanada oshishini, fuqarolaning huquq va erkinliklari himoyasi nafaqat milliy qonunchilikda belgilangan normalar, balki xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan prinsiplari va normalari asosida himoyalanishini taʼminlaydi.
Javob: Konstitutsiyamizning birinchi bo‘limida belgilangan asosiy prinsiplar, mamlakatimizning siyosiy-huquqiy tizimining asosiy ustunlari sifatida namoyon bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev 2020-yil 29-dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida “hayot oldimizga yana qancha sinov va muammolarni qo‘yishi mumkin va biz har qanday holatga tayyor turishimiz zarur. Lekin qanchalik qiyin va murakkab bo‘lmasin, demokratik islohotlar yo‘lidan hech qachon ortga qaytmaymiz”, deb alohida taʼkidladi.
Shularni inobatga olib, demokratik islohotlarimizni yanada chuqurlashtirish uchun muhim huquqiy kafolatlar yaratish maqsadida yangilangan Asosiy Qonunimizning 16-moddasida Konstitutsiyaning birorta qoidasi O‘zbekiston Respublikasining huquq va manfaatlariga, ushbu Konstitutsiyaning birinchi bo‘limida nazarda tutilgan asosiy prinsip va normalarga zarar yetkazadigan tarzda talqin etilishi mumkin emas, deb qatʼiy belgilandi.
Bosh qomusimizning asosiy prinsiplarini davlat suvereniteti, xalq hokimiyatchiligi, Konstitutsiya va qonunning ustunligi, tashqi siyosat tashkil etadi. Mazkur asosiy prinsiplar ustuvor konstitutsiyaviy tamoyillar bo‘lib, Asosiy qonunimizning butun mazmun-mohiyatini belgilab beradi, siyosiy-huquqiy tizimimizning asosiy ustunlari, davlatchiligimizning poydevorini ifoda etadi.
Konstitutsiyamizda davlatchiligimizning poydevoriga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan xatarlarni bartaraf etishga yo‘naltirilgan kafolat, favqulodda muhim ahamiyat kasb etuvchi rahbariy qoidalar belgilandi.
Taʼkidlash lozimki, o‘xshash normalar Turkiya, Vengriya kabi davlatlarning konstitutsiyalarida aks etgan.
Ushbu yangi konstitutsiyaviy norma butun siyosiy-huquqiy tizimimizni mustahkam himoyasi, Konstitutsiyamizni to‘g‘ri talqin qilinishi, fuqarolarimiz va jamiyatimiz farovonligi, mamlakatimizning demokratik va barqaror rivojini taʼminlash uchun muhim konstitutsiyaviy kafolat yaratadi.
Javob: Davlatlarning hududiy yaxlitligi davlat va uning suverenitetining muhim sharti, xalqaro huquqning asosiy prinsiplaridan biridir. Kuch bilan tahdid qilish yoki kuch ishlatish natijasida biror-bir davlat hududi yoki uning bir qismini egallab olinishi tan olinmaydi.
Taʼkidlash lozimki, yangilangan Konstitutsiyamizning 17-moddasida “davlatlarning hududiy yaxlitligi” O‘zbekiston tashqi siyosatining asosiy prinsiplaridan biri sifatida belgilandi.
Davlatlarning hududiy yaxlitligi prinsipi dastlab, 1945-yilda qabul qilingan BMT Ustavida belgilangan, keyinchalik BMT, YEXHT, SHHT va boshqa xalqaro tashkilotlarning hujjatlarida, xususan, BMT Ustaviga muvofiq davlatlar o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar va hamkorlikka oid xalqaro huquq tamoyillari to‘g‘risidagi Deklaratsiyada (1970-yil) takomillashtirilgan.
Mazkur prinsipga ko‘ra, har qanday davlat boshqa davlatning hududiy yaxlitligini hurmat qilishi, uning suvereniteti, milliy birligi va hududiy yaxlitligini qisman yoki to‘liq buzishga qaratilgan har qanday harakatlardan o‘zini tiyishi lozim. Bundan tashqari, davlatlar va xalqaro huquqning boshqa subyektlari biror-bir davlat hududiga, uning bir qismiga yoki resurslariga kuch bilan yoki kuch ishlatish tahdidi bilan bevosita yoxud bilvosita tajovuz qilmasliklari shart. Bunda davlatlar alohida davlat hududi yoki uning bir qismiga ziyon yetkazuvchi har qanday harakatlardan tiyilishlari va buzg‘unchi davlatlar va ularning sheriklarini qo‘llab-quvvatlamasliklari lozim.
Hududiy yaxlitlik prinsipiga muvofiq, nafaqat O‘zbekiston boshqa davlatlarni, balki davlatlar ham mamlakatimiz chegaralari daxlsizligini hurmat qilishi lozim.
Hozirgi tahlikali davrda davlatlarning hududiy yaxlitligini hurmat qilish prinsipiga amal qilish – tashqi siyosatda barqarorlikni taʼminlashning muhim omilidir.
Davlatlarning hududiy yaxlitligi prinsipi deyarli barcha davlatlar, shu jumladan, Germaniya, Fransiya kabi davlatlar konstitutsiyalarda o‘z ifodasini topgan.