narrator-icon
100 ta savolga 100 ta javob

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 29 yilligi munosabati bilan bilan yo‘llagan tabrigida “Asosiy qonunimizda fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rni va maqomini konstitutsiyaviy jihatdan mustahkamlash” davr talabi ekanligi qayd etilgan edi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda 9 mingga yaqin nodavlat notijorat tashkilotlar, 9 mingdan ortiq o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyat yuritmoqda.

Fuqarolik jamiyati institutlari tushunchasi ilmiy adabiyotlarda keltirilgan bo‘lib, lekin normativ-huquqiy hujjatlarda mazkur institutning tushunchasi berilmagan, ular faoliyatiga oid huquqiy kafolatlar belgilanmagan edi. Jahon bankining “Fuqarolik jamiyati tashkilotlari bilan maslahatlashuv” ko‘rsatmasida “fuqarolik jamiyati instituti” tushunchasini qo‘llash tavsiya qilingan.

Yangilangan Konstitutsiyamizning 69-moddasida “fuqarolik jamiyati institutlari, shu jumladan jamoat birlashmalari va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ommaviy axborot vositalari fuqarolik jamiyatining asosini tashkil etadi”, degan norma mustahkamlandi.

Fuqarolik jamiyati mamlakatda demokratiya, huquqiy davlat va shaxs erkinliklarini taʼminlashning muhim kafolati bo‘lib xizmat qiladi. Ular jamiyat aʼzolarining fuqarolik faolligi, milliy o‘z-o‘zini anglashi, siyosiy madaniyati va yuksak maʼnaviyatini yuksaltirishga ko‘maklashish, mustaqil fikrlash, o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish, o‘z kelajagini o‘z xohishi bilan qurish istagini shakllantirishga qaratilgan.

Tabiiyki, ushbu institut vakillari bugungi va ertangi kunimizga har qachongidan-da masʼuliyat bilan qaraydigan, xalqimizning orzu-umidlarini ro‘yobga chiqarishda amaliy ishlari bilan yordam berishga shay tashkilotlar majmuasi sifatida jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda ishonchli hamkor bo‘la oladi.

Javob: Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar xalqimizning tinch va farovon hayotini taʼminlash, inson qadrini ulug‘lash, vijdon erkinligi huquqini kafolatlashning asosi bo‘lib xizmat qilmoqda.

Ko‘p millatli yurtimizda o‘zaro do‘stlik muhitini yaratish, diniy konfessiya vakillari o‘rtasida bag‘rikenglik prinsiplarini qaror toptirish masalasiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Mamlakatimizda 130 dan ziyod millat va elat o‘zaro hamjihatlikda ahil-inoq yashab kelmoqda, 16 ta konfessiyaning 2,3 mingdan ziyod diniy tashkilotlari  o‘z faoliyatini olib bormoqda. “Jaholatga qarshi maʼrifat” g‘oyasini amalga oshirishga, diniy taʼlim va maʼrifat tizimini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. “Vijdon erkinligi

va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi Qonun yangi tahrirda qabul qilindi.

Bu sohada olib borilayotgan islohotlar dunyo miqyosida ham munosib eʼtirof etilib, diniy bag‘rikenglikning namunali modeli sifatida baholanmoqda. Xususan, O‘zbekistonning diniy erkinliklar sohasida alohida xavotir uyg‘otadigan davlatlar ro‘yxatidan chiqarilganligi, BMT Bosh Assambleyasining majlisida O‘zbekiston tomonidan taklif etilgan “Maʼrifat va diniy bag‘rikenglik” rezolyutsiyasining qabul qilinganligi bunga yaqqol misoldir.

Mamlakatimizda diniy bag‘rikenglik prinsipini qaror toptirish uchun mustahkam huquqiy zamin yaratish maqsadida yangilangan Konstitutsiyamizning 75-moddasi davlat qonunda belgilangan tartibda faoliyat ko‘rsatayotgan diniy tashkilotlar faoliyatining erkinligini kafolatlaydi, degan norma bilan to‘ldirildi.

Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktda ham “har bir inson fikr, vijdon va din erkinligi huquqiga ega. Ushbu huquq o‘z ixtiyori bilan o‘ziga maʼqul dinni qabul qilish va eʼtiqod qilish erkini, yakka holda, shuningdek boshqalar bilan birgalikda, oshkora yoki xususiy tartibda ibodat qilish, diniy va boshqa urf-odatlarni va marosimni bajarish erkini ham o‘z ichiga oladi”deb belgilangan.

Mazkur yangi konstitutsiyaviy norma, nafaqat fuqarolarimizning vijdon erkinligi kafolatlarini kuchaytirishga, balki mamlakatimizda barcha diniy tashkilotlar o‘z faoliyatini erkin amalga oshirishi uchun huquqiy kafolatlarini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi. Bu esa, dinning asl insonparvarlik mohiyatini asrash, uni turli noto‘g‘ri qarashlardan sof holda saqlash, qolaversa dinning maʼnaviy-maʼrifiy salohiyatidan jamiyatdagi barqarorlik, ijtimoiy hamkorlik, konfessiyalararo hamjihatlikni yanada mustahkamlashda foydalanish uchun zamin yaratadi.

Javob: Nikoh – ikki jins vakillarining o‘zaro roziligi asosida tuzilgan ittifoq bo‘lib, oilaning vujudga kelishida birdan-bir asos bo‘lgani bois u faqat axloq normalari bilan emas, balki maxsus qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.

Bugungi axborot jamiyati, globallashuv, siyosiy-maʼnaviy tahdidlar, ijtimoiy-demografik muammolar kontekstida oilaviy qadriyatlar va anʼanalarni rivojlantirish, avlodlar o‘rtasidagi vorislikni taʼminlash, ularni milliy maʼnaviy-axloqiy qadriyatlar asosida birlashtirish muhim ahamiyat kasb etadi.

Shu munosabat bilan, yangilangan Konstitutsiyaning 76-moddasida nikoh O‘zbekiston xalqining anʼanaviy oilaviy qadriyatlari, nikohlanuvchilarning ixtiyoriy roziligi va teng huquqliligiga asoslanishiga oid norma belgilandi.

Mazkur norma quyidagi jihatlari bilan ahamiyatlidir:

Birinchidan, O‘zbekiston xalqini millatidan qatʼi nazar, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari tashkil etishini hisobga olgan holda nikoh tuzishda mamlakatimizda istiqomat qiluvchi millat va elatlarning urf-odatlari va anʼanalari, oilaviy qadriyatlari hurmat qilinishini taʼminlaydi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratadi.

Ikkinchidan, nikohning O‘zbekiston xalqining anʼanaviy oilaviy qadriyatlariga asoslanishini mustahkamlash orqali uning eng muhim maʼnaviy-axloqiy talab belgilandi. Oilaviy qadriyatlar – har bir oilaga xos bo‘lgan, oila uchun ustuvor hayotiy maqsadlarni belgilaydigan, oila aʼzolari o‘rtasidagi munosabatlarni tashkil etadigan va uning hayotiga taʼsir qiluvchi g‘oyalar to‘plamidir. Xalqimizning anʼanaviy oilaviy qadriyatlari – mehnatsevarlik, sadoqat, samimiyat, ishonch, vatanni sevmoqlik, adolat, poklik, to‘g‘rilik singari fazilatlar shaxsiy namuna sifatida ota-ona orqali farzandga berilishida namoyon bo‘ladi.

Shu bilan birga, oilaviy munosabatlar, xususan nikoh tuzilishi tartibi nafaqat Konstitutsiya, qonunlarimiz, shu jumladan Oila kodeksi bilan ham tartibga solinadi. O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksiga ko‘ra, oilaviy munosabatlar erkak va ayolning ixtiyoriy ravishda nikohlanib tuzgan ittifoqi asosida amalga oshiriladi.

O‘xshash normalar Italiya, Braziliya, Portugaliya, Irlandiya, Misr kabi davlatlar konstitutsiyalarida belgilangan.

Mazkur normaning kiritilishi jamiyat hayotida anʼanaviy oilaviy qadriyatlarning o‘rni va ahamiyatini oshirishga, ularni yot g‘oyalar taʼsiridan himoya qilishga va oila institutini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Javob: O‘zbekistonda azal-azaldan oila va farzand yuksak qadrlanadi. Shu maʼnoda, ota-onalar zimmasiga bolalarni jismonan va maʼnan barkamol etib tarbiyalashga, taʼlim berishga oid masʼuliyat yuklatilgan.

Shu bois, yangilangan Konstitutsiyamizning 77-moddasida ota-onalar bilan birga ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar o‘z farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqishi, ularning tarbiyasi, taʼlim olishi, sog‘lom, to‘laqonli va har tomonlama kamol topishi xususida g‘amxo‘rlik qilishga majburligini mustahkamlovchi yangi norma belgilandi. Ushbu norma Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya talablariga to‘la muvofiqdir.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda ota-onalar va ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar zimmasiga quyidagi majburiyatlar alohida belgilab berildi:

Birinchidan, ota-onalar o‘rnini bosuvchi shaxslar kiritilishi bilan voyaga yetmaganlarga masʼul bo‘lgan shaxslar doirasi kengaytirildi. Voyaga yetgunga qadar yetim va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning huquqlarini himoya qilish va unga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish maqsadida homiy yoki vasiy etib tayinlangan shaxslar ota-onalar o‘rnini bosuvchi shaxslar hisoblanadi. Ularning zimmasiga bolalarga o‘z farzandidek munosabatda bo‘lib, ularni ko‘z-qorachig‘idek asrash, hayotda o‘z o‘rnini topish uchun taʼlim-tarbiya berish majburiyati konstitutsiyaviy jihatdan mustahkamlandi.

Ikkinchidan, ota-onalar va ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarning farzandlari oldidagi vazifalari kengaytirildi. Amaldagi Konstitutsiyada ota-onalar farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar faqat boqish va tarbiyalashga majbur edi. Endilikda, ota-onalar va ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar farzandlarini boqish va tarbiyalash bilan birga, ularning taʼlim olishi, sog‘lom, to‘laqonli va har tomonlama kamol topishi xususida g‘amxo‘rlik qilishga majbur ekanliklari belgilandi.

Bundan maqsad farzandlar taʼlim va tarbiyasida ota-onalar va ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarning masʼuliyati va javobgarligini oshirishdir. Afsuski, hayotda bolalarga taʼlim-tarbiya berish, moddiy taʼminlash, himoya qilish, ularning sog‘lig‘i, jismoniy, ruhiy, maʼnaviy va axloqiy kamoloti haqida g‘amxo‘rlik qilmaydiganlar ham uchraydi. Bunday shaxslar ota-onalik huquqidan mahrum qilinishi yoki javobgarlikka tortilishi mumkin.

Javob: Bolalar – kelajagimiz egalari ekan, ularning jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan rivojlanishi uchun eng yaxshi shart-sharoitlarni yaratish zarurdir. Shu bois mamlakatimizda bolalarning manfaatlarini birinchi navbatda taʼminlash prinsipi asosida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Bolalarni doimiy ravishda davlat himoyasi va g‘amxo‘rligi ostida bo‘lishini taʼminlash maqsadida yangilangan Konstitutsiyamizning

78-moddasiga “bolaning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini taʼminlash hamda himoya qilish, uning jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan to‘laqonli rivojlanishi uchun eng yaxshi shart-sharoitlarni yaratish davlatning majburiyatidir”, degan mazmundagi norma kiritildi.

Aslida “bola” deganda kimni tushunishimiz kerak? BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi va milliy qonunchiligimizga muvofiq,

18 yoshga to‘lgunga qadar bo‘lgan shaxs – bola hisoblanadi. Agar shunga asoslanadigan bo‘lsak, bugun yurtimiz aholisining qariyb 12,1 mln nafar bolalardan iborat bo‘lib, ular mamlakatimiz aholisining 35%ni tashkil etmoqda. Konvensiyaning 3-moddasida “bolalarga nisbatan amalga oshiriladigan barcha harakatlarda, ular davlat yoki xususiy ijtimoiy himoya muassasalari, sudlar, maʼmuriy yoki qonun chiqaruvchi organlar tomonidan amalga oshirilishidan qatʼi nazar, bolaning eng yaxshi manfaatlari birinchi navbatda eʼtiborga olinadi”, deb belgilangan. Bolalalarning manfaatlarini taʼminlash borasidagi mazkur yangi konstitutsiyaviy normalar yuqoridagi Konvensiya qoidalariga ham mosdir.

Mazkur konstitutsiyaviy normaga muvofiq endilikda davlat:

 bolalarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash, himoya qilish uchun qonunchilik va amaliyotni takomillashtiradi,

shu orqali nafaqat bolalar bilan bog‘liq sud jarayonlari, balki taʼlim, sog‘liqni saqlash va boshqa ijtimoiy sohalarda bolalarning eng yaxshi manfaatlari hisobga olinishini taʼminlaydi;

– bolalarning jismoniy rivojlanishi uchun har bir shahar, tuman, mahalla va maktabda sport maydonchasi yoki sport zalini tashkil etish, turli sport to‘garaklarining samarali faoliyatini yo‘lga qo‘yish kabi choralarni ko‘radi;

– bolalarning aqliy rivojlanishi uchun maktab va maktabgacha taʼlim sifatini yaxshilash, bolalarga mo‘ljallangan adabiyot, o‘quv va multimedia, Internet dasturlarini tayyorlash, kutubxonalarining kitob fondini boyitish, ilmiy-texnik to‘garaklarni ko‘paytirish, pedagog kadrlarni tayyorlash tizimini takomillashtirish kabi tadbirlarni amalga oshiradi;

 bolalarning madaniy rivojlanishi uchun ularga mo‘ljallangan sanʼat to‘garaklarini faollashtirish, teatr va konsert repertuarlarini ko‘paytirish, muzey va madaniy ko‘rgazmalarga maktab o‘quvchilari uchun kirishni bepul qilish kabi sharoitlarni yaratadi.

Javob: Kelajagimiz egalari bo‘lgan yoshlarning qonuniy huquq va manfaatlarini taʼminlash, ularning orzu-intilishlari, qobiliyat va salohiyatini ro‘yobga chiqarish davlat siyosatining eng muhim va ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi.

Qonunchiligimizga muvofiq yoshlarga – 14 yoshga to‘lgan va 30 yoshdan oshmagan shaxslar kiradi. O‘zbekistonda yoshlarning soni bugungi kunda 9,6 mln oshmoqda, yaʼni mamlakatimiz aholisining 30 foizga yaqinini tashkil etmoqda.

2016-yilda “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi, 2020-yilda Yoshlar ishlari agentligi tashkil etildi hamda 30-iyun – “Yoshlar kuni” deb eʼlon qilindi.

Yangilangan Konstitutsiyamizning 78 va 79-moddalari yoshlarga oid alohida normalar bilan to‘ldirildi. Ularga muvofiq:

birinchidan, davlat va jamiyat bolalarda hamda yoshlarda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlikni, mamlakatidan hamda xalqning boy madaniy va maʼnaviy merosidan faxrlanishni, vatanparvarlik va Vatanga bo‘lgan mehr-muhabbat tuyg‘ularini shakllantirish to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qiladi, degan norma kiritildi. Ushbu norma jamiyatning tinchligi, yakdilligi hamda davlatning barqaror rivoji uchun muhimdir, va aksincha, aynan ushbu vazifaga eʼtiborsizlik jamiyat, millat va xalqning tanazuliga, davlatning parchalanishiga yo‘l ochadi.

Ikkinchidan, davlat yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik huquqlari himoya qilinishini taʼminlaydi, ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishini rag‘batlantiradi, degan norma mustahkamlandi. Biz demokratik, huquqiy davlat qurishga intilar ekanmiz, bunga kelajagimiz bo‘lgan yoshlarning huquqlarini himoya qilmasdan turib, ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirokini taʼminlamasdan turib, hech qachon erisha olmaymiz.

Uchinchidan, davlat yoshlarning maʼnaviy, intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan shakllanishi hamda rivojlanishi uchun, ularning taʼlim olishga, sog‘lig‘ini saqlashga, uy-joy, ishga joylashishga, bandlik va dam olishga bo‘lgan huquqlarini amalga oshirish uchun shart-sharoit yaratadi, degan norma kiritildi.

Javob: Fuqarolarning axborot sohasidagi konstitutsiyaviy huquqlarini taʼminlash, jamiyatda ochiqlik va oshkoralik, qonuniylik muhitini mustahkamlashda ommaviy axborot vositalari (OAV) muhim ahamiyatga ega.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev “Ommaviy axborot vositalari xodimlarining o‘z faoliyatini qonun doirasida erkin amalga oshirishiga to‘sqinlik qilish – bu demokratik islohotlarimizga qarshi harakat, mamlakatimizning obro‘siga putur yetkazish sifatida baholanishi kerak”, deb taʼkidlagan edi.

Shu bois, yangilangan Konstitutsiyamizning 81 va 82-moddalarida OAV bilan bog‘liq quyidagi normalar mustahkamlandi:

birinchidan, davlat OAV faoliyatining erkinligini, ularning axborotni izlash, olish, undan foydalanish va uni tarqatishga bo‘lgan huquqlari amalga oshirilishini kafolatlaydi, deb belgilandi. Mazkur norma OAVning axborotni izlash, olish, foydalanish va uni tarqatish huquqining kafolatlanishi jamiyatning ishonchli axborotga bo‘lgan ehtiyojlarini to‘laroq qondirishga, aholining siyosiy va huquqiy madaniyatining rivojlanishiga xizmat qiladi;

ikkinchidan, OAVning faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi, degan muhim norma o‘rnatildi. Ushbu norma OAVning va jurnalistlarning emin-erkin, turli maʼmuriy bosimlardan qo‘rqmasdan faoliyat yuritishini taʼminlaydi hamda jamiyatda ochiqlik va oshkoralik muhitining rivojlanishiga sharoit yaratadi.

O‘zbekiston Respublikasining “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida” Qonuniga ko‘ra, davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari senzura qilganlik, jurnalistga tazyiq o‘tkazganlik, uning faoliyatiga aralashganlik uchun javobgarlikka tortiladilar. Bundan tashqari, jurnalistning qonuniy huquqlarini buzganlik, uning jurnalistlik kasbiga doir faoliyati bilan bog‘liq holda shaʼni va qadr-qimmatini haqorat qilganlik, uning hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulkiga tahdid, zo‘ravonlik yoki tajovuz qilganlik qonunchilikka muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi.

OAVning erkinligiga oid normalar Germaniya, Avstriya, Ozarbayjon kabi davlatlar konstitutsiyalarida ham mavjud.

Javob: Deputat – xalq tomonidan saylov yo‘li bilan vakolat berilgan davlat hokimiyati vakillik organlarida maʼlum muddatda faoliyat yurituvchi shaxsdir. Deputatning asosiy vazifasi o‘z saylovchilari manfaatlarini ifoda etishdir. O‘zbekiston Respublikasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari Kengashlariga deputatlar saylanadi.

Taʼkidlash lozimki, bo‘lib o‘tgan saylovlarda ayrim hollarda siyosiy partiyalar tomonidan aynan bir shaxsni ikkita vakillik organiga deputatlikka nomzodi ko‘rsatilib qoladi yoki saylanib deputat ham bo‘lishi mumkin. Qonunchilik palatasining deputati o‘z faoliyatini professional, yaʼni doimiy asosda amalga oshiradi. Deputat har kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kelib Kengash, fraksiya, qo‘mita, komissiyalar faoliyatida yoki palata yig‘ilishida ishtirok etadi. Ko‘rinib turganidek, Qonunchilik palatasining ishi palata barcha deputatlarining professional, doimiy faoliyat ko‘rsatishiga asoslanadi.

Shu munosabat bilan, yangilangan Konstitutsiyaning 92-moddasida Qonunchilik palatasining deputati bir vaqtning o‘zida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining, viloyatlar, tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlarining deputati bo‘lishi mumkin emas, degan qatʼiy norma belgilandi.

Buning zarurati shundaki, deputatning kundalik professional faoliyati bevosita o‘z elektoratining dardi va muammolarini hal qilish bilan bog‘liq bo‘lishi lozim. Shu sababli, ayni bir vaqtda Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari kengashiga saylangan deputat 2 ta vakillik organining ishida ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘lolmaydi. Bu esa saylovchilar va uni nomzod etib ko‘rsatgan partiyaning manfaatlarini himoya qilish va ro‘yobga chiqarishda to‘sqinlik qiladi.

Bunday normaning kiritilishi Qonunchilik palatasida hamda xalq deputatlari Kengashlarida doimiy asosda faoliyat yurituvchi deputatlar korpusini shakllantirish vazifasidan kelib chiqadi hamda saylovchilar bilan deputatlarning doimiy ishlashini taʼminlashga xizmat qiladi. Fuqarolar xususan, saylovchilar bilan deputatlarning ishlashida ko‘plab qiyinchiliklarni kelib chiqishining oldini oladi hamda farovon hayot sharoitlarini yaxshilash faoliyatini taʼminlashga,  saylovchilar tomonidan qilingan murojaatlarni deputatlar o‘z nazoratiga olib ijobiy xal qilish choralarini ko‘rishga, aholining murojaatlari yuzasidan masalalar kiritish, turli tashkilotlarga deputatlik so‘rovlari yuborish va so‘rovlarning bajarilishini nazorat qilishga xizmat qiladi.

Javob: Mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini yaratish, davlat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Korrupsiyaga qarshi alohida organ tashkil etilganligi buning yorqin dalildir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev 2022-yil 20-iyunda Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari bilan uchrashuvda “... Korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha yillik milliy maʼruzani muhokama qilish masalasini parlamentimiz vakolatiga kiritish lozim” deb taʼkidlagan edi.

Shundan kelib chiqib, yangilangan Konstitutsiyaning Qonunchilik palatasi va Senatining birgalikdagi vakolatlari belgilangan 93-moddasida O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi har yilgi milliy maʼruzani eshitishga oid norma belgilandi.

“Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonunga asosan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan har yili O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida milliy maʼruza tayyorlanib, ko‘rib chiqish uchun Prezident va Oliy Majlis palatalariga kiritilishi belgilangan.

Milliy maʼruza keng jamoatchilik, xususan, davlat organlari vakillari, mustaqil ekspertlar va fuqarolarimiz uchun sohada yo‘nalishida olib borilayotgan ishlar bo‘yicha kompleks maʼlumot berishga mo‘ljallangan. Unda har yilgi mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida ko‘rilgan preventiv choralar, xususan, davlat organlari va tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari va OAV tomonidan korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida maʼlumotlar taqdim etiladi. Ushbu taklif orqali parlamentning korrupsiyaga qarshi kurashishga daxldor bo‘lgan qo‘mitalari mazkur maʼruzani dastlabki tarzda o‘rganadi, palatalar majlislarida muhokama qiladi.

Javob: O‘zbekiston tashqi siyosatda dunyodagi barcha davlatlar bilan do‘stlik munosabatlarini rivojlantirishga ustuvor eʼtibor qaratmoqda. So‘nggi yillarda tashqi siyosatni muvofiqlashtirish hamda nazorat qilishda parlamentning roli oshirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi va xalqaro tashkilotlar huzuridagi diplomatik vakolatxonalari o‘zi ishlab turgan mamlakatda yoki xalqaro tashkilotda O‘zbekiston Respublikasini manfaatlarini ifodalash, respublika fuqarolari va yuridik shaxslarining huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish va ilgari surish maqsadida tashkil qilinadi.

Shu maʼnoda, yangilangan Konstitutsiyamizning

95-moddasida Prezidenti taqdimiga binoan chet davlatlardagi va xalqaro tashkilotlar huzuridagi diplomatik hamda boshqa vakolatxonalari rahbarlarini tayinlash hamda ularni lavozimidan ozod etish, shuningdek ularning o‘z faoliyati masalalari bo‘yicha hisobotlarini eshitishga oid qoida kiritildi.

Mazkur normalar Asosiy qonunga nima sababdan kiritilmokda?

Birinchidan, amaldagi tahrirda chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakillarini tayinlash hamda lavozimidan ozod etish nazarda tutilgan bo‘lib, bunda “diplomatik va boshqa vakillari” tushunchasi juda keng hisoblanadi. Shu sababli, Senat tomonidan faqat chet davlatlardagi va xalqaro tashkilotlar huzuridagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlarini lavozimga tayinlanishi va lavozimidan ozod etilishi aniq belgilab berilmoqda.

Ikkinchidan, parlamentning nazorat vakolatlarini kengaytirish bo‘yicha Senat tomonidan diplomatik vakolatxonalari rahbarlarining faoliyati bilan bog‘liq masalalar yuzasidan hisobotlarini eshitish ham aniq belgilandi. Mazkur norma o‘z faoliyati haqida vakolatxonalar rahbarlarining axborotini Senatda eshitish va muhokama qilishga asos bo‘ladi.

Hozirgi kunda O‘zbekistonning chet davlatlar va xalqaro tashkilotlar huzuridagi vakolatxonalari soni 55 ta bo‘lib, shulardan: elchixonalar – 37 ta, bosh konsulliklar – 17 ta, konsullik – 1 ta, doimiy vakolatxonalar – 3 ta.

Mazkur norma O‘zbekiston Respublikasining xalqaro maydondagi obro‘si va ijobiy imidjini mustahkamlashga, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va yuridik shaxslarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga, shuningdek, xorijiy davlatlarda yashayotgan, ishlayotgan va o‘qiyotgan vatandoshlarimiz bilan aloqalarni rivojlantirishga imkon beradi.