narrator-icon
100 ta savolga 100 ta javob

Javob: Jamiyatdagi eng asosiy ijtimoiy munosabatlar qonunlar bilan tartibga solinadi. Qonunni yaratish jarayoni qonunchilik tashabbusi ro‘yobga chiqishidan boshlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari bilan uchrashuvda ilgari surgan qonunchilik tashabbusi huquqi institutini isloh qilish bo‘yicha taklifidan kelib chiqqan holda, yangilangan Konstitutsiyamizning 98-moddasida “qonunchilik takliflarini kiritish” instituti joriy etildi. Unga ko‘ra, saylov huquqiga ega bo‘lgan yuz ming nafardan kam bo‘lmagan fuqarolar, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), Markaziy saylov komissiyasi Qonunchilik palatasiga qonunchilikka oid takliflarni kirituvchi subyektlar sifatida belgilandi.

Qonunchilik taklifi institutibu qonunchilik tashabbusining bir turi bo‘lib, keyinchalik Qonunchilik palatasida qonun loyihasiga aylanadigan bo‘lajak qonunning asosiy g‘oyasi yoki konsepsiyasini vakolatli subyektlar tomonidan taklif etish huquqidir.

Qonunchilik tashabbusi huquqi hamda qonun qonunchilikka oid taklif kiritish huquqi o‘rtasida o‘ziga xos farqlar mavjud. Qonunchilik tashabbusi huquqida aniq qonun loyihasi – yaʼni barcha tarkibiy qismlar (muqaddima, moddalar va boshq.)ni o‘z ichiga olgan hamda tuzilishga doir talablarga mos bo‘lgan bo‘lajak qonunning matni kiritiladi. Qonunchilik tashabbusi huquqi vakolatli organlar va shaxslar tomonidan qonun loyihasini qabul qilish to‘g‘risida taklifni parlamentga taqdim etilishi va belgilangan tartibda ko‘rib chiqish haqida tegishli qaror qabul qilishdir. Qonunchilik tashabbusi huquqi tartibida Qonunchilik palatasiga subyektlar tomonidan qonun loyihasi va unga ilova qilinadigan hujjatlar ham kiritiladi.

Qonunchilik taklifi – bo‘lajak qonunning barcha tartib-taomillari emas, balki faqat g‘oyasi ifodalanadigan konsepsiyadir. Qonunchilik taklifida qonun loyihasi emas, balki bo‘lajak qonunning asosiy konsepsiyasi vakolatli subyektlar tomonidan taklif etiladi.

Javob: Qonunchilik tashabbusi huquqi davlat va jamiyat irodasini qonunlarga aylantirish maqsadida vakolatli organlar va shaxslar tomonidan qonun loyihasini qabul qilish, amaldagi qonunni o‘zgartirish yoxud bekor qilish haqida taklifni parlamentga taqdim etilishi bilan bog‘liq faoliyatdir. Konstitutsiyaga ko‘ra qonunchilik tashabbusi huquqiga Prezident, o‘z davlat hokimiyatining oliy vakillik organi orqali Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qonunchilik palatasi deputatlari, Vazirlar Mahkamasi, Konstitutsiyaviy sud, Oliy sud, Bosh prokurori ega. Bunda har bir subyekt o‘z faoliyati va vakolatlaridan kelib chiqib mazkur huquqni amalga oshirishi muhimdir.

Shu sababli, yangilangan Konstitutsiyamizning 98-moddasida Konstitutsiyaviy sud, Oliy sud va Bosh prokuror o‘z vakolatlariga oid masalalar yuzasidan qonunchilik tashabbusi huquqiga egaligi belgilandi.

Mazkur normalar Asosiy qonunga nima sababdan kiritildi?

Birinchidan, kiritilgan o‘zgartish bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, o‘z davlat hokimiyatining oliy vakillik organi orqali Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qonunchilik palatasi deputatlari, Vazirlar Mahkamasi to‘liq va barcha masalalar yuzasidan qonunchilik tashabbusi huquqiga egaligi belgilandi. Ko‘plab xorijiy davlatlar amaliyotida ham to‘liq, yaʼni barcha masalalar yuzasidan qonunchilik tashabbusi huquqiga davlat boshlig‘i, parlament va hukumat ega bo‘ladi.

Ikkinchidan, Konstitutsiyaviy sud, Oliy sud va Bosh prokuror faqatgina o‘z vakolatlariga oid masalalar yuzasidan qonunchilik tashabbusi huquqini amalga oshirishi mustahkamlandi.

Qonunchilik palatasi faoliyatida sud hokimiyati organlari va Bosh prokuror tomonidan kiritilgan qonun loyihalari miqdori ko‘p emas. Bu orqali yuqoridagi subyektlar faqatgina o‘z faoliyati doirasi bo‘yicha qonun loyihalarini puxta ishlangan holda taqdim etishi yo‘lga qo‘yiladi.

Javob: Demokratik davlatda fuqarolarning davlat ishlarini boshqarishdagi ishtirokini kengaytirishda qonun ijodkorligi muhim ahamiyatga ega.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev 2022-yil 20-iyun kuni Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari bilan uchrashuvdagi nutqida qonunchilik tashabbusi huquqi institutini isloh qilishni, Konstitutsiyaga qonunchilik takliflarini kiritish institutini joriy etishni taklif qildi hamda “Mazkur institut doirasida 100 ming kishidan kam bo‘lmagan miqdordagi fuqarolar o‘z qonunchilik takliflarini Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Shu asosda endi xalq bevosita qonun ijodkori sifatida tashabbus ko‘rsatish huquqini qo‘lga kiritadi” deb taʼkidlagan edi.

Shu munosabat bilan, yangilangan Konstitutsiyamizning 98-moddasida saylov huquqiga ega bo‘lgan, yuz ming nafardan kam bo‘lmagan fuqarolarning qonunchilik takliflarini Qonunchilik palatasiga qonunchilik tashabbusi tartibida kiritish huquqi mustahkamlandi.

Xorijiy mamlakatlar tajribasida fuqarolarning qonunchilik tashabbusi huquqi Avstriya, Ispaniya, Italiya, Shveysariya, Filippin va boshqa bir qator mamlakatlar konstitutsiyalarida nazarda tutilgan. Ulardagi umumiy talab shuki, xalq tashabbusi asosida qonun loyihasini kiritish uchun tegishli miqdordagi saylovchilarning imzosi to‘planadi. Masalan, Shveysariya, Vengriya, Italiyada 50 ming saylovchining imzosi, Polshada – 100 ming, Ispaniyada 500 ming, Kolumbiyada saylovchilar umumiy soni 5 foizining imzosi to‘planishi lozim. Ko‘rinib turganidek, mazkur institut rivojlangan demokratik davlatlarning ilg‘or tajribasida muvaffaqiyatli qo‘llanilmoqda hamda milliy qonunchilikda juda katta demokratik ijobiy yangilik hisoblanadi.

Fuqarolarning qonunchilik takliflari bilan parlamentga murojaat qilishi institutini konstitutsiyaviy darajada mustahkamlanishi xalq hokimiyatchiligi konstitutsiyaviy prinsipiga qo‘yidagi ijobiy taʼsir qiladi:

birinchidan, davlat ishlarini boshqarishda fuqarolarning ishtirokini kengaytirish, xalqning bevosita qonun ijodkori sifatida qonun hujjatlarini takomillashtirish orqali tizimli muammolarni hal etishiga olib keladi;

ikkinchidan, o‘zlariga tegishli konstitutsiyaviy huquqlar bilan bog‘liq turli ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal etishga, eng muhimi islohotlar tashabbuskori sifatida insonlar o‘zlarining kelajagi, orzu-maqsadlarini ro‘yobga chiqarish uchun muhim qarorlar qabul qilishda to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishtirok etishlariga xizmat qiladi.

Javob: Yangilangan Konstitutsiyada qonunchilik takliflarini qonunchilik tashabbusi tartibida kiritish instituti joriy etildi. Xususan, 98-moddada qonunchilik takliflarini qonunchilik tashabbusi tartibida kiritishi mumkin bo‘lgan quyidagi subyektlar belgilandi:

Mazkur subyektlarni qonunchilikka oid takliflar kiritish huquqi subyektlari qatoriga kiritilishi:

Birinchidan, fuqarolarga va Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ga bunday huquqning berilishi qonun ijodkorligida fuqarolarning ishtiroki kengayishiga hamda inson huquqlarini taʼminlash, himoya qilishga xizmat qiladi. Masalan, 2022-yil yanvar-avgust oylarida fuqarolarning murojaatlaridan kelib chiqib, deputatlar tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida 6 ta qonun loyihasi Qonunchilik palatasiga kiritilgan. 2021-yilda Inson huquqlari bo‘yicha vakil (ombudsman) tomonidan Oliy Majlisga va Vazirlar Mahkamasiga qonun loyihalari yuzasidan 93 ta taklif yuborilgan.

Ikkinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasiga qonunchilikka taklif berish huquqining berilishi saylov qonunchiligi bilan bog‘liq bo‘lgan normalarni takomillashtirib borishga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, qonunchilik takliflarini kiritish institutining Konstitutsiyada belgilanishi xalqimiz, fuqarolarimiz xoxish-irodasini qonunlar shaklida ifodalashga, hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga, inson huquqlarini sohasidagi muammolarni bartaraf etishga, eng asosiysi qonunchilik tashabbusi huquqi subyektlari sonini ko‘paytirish orqali qonunchilikdagi muammolarni vaqtida oldini olish tizimini yaratishga xizmat qiladi.

Javob: Yangilangan Konstitutsiyamizning 106-moddasida O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti yetti yil muddatga saylanishi belgilandi.

Dunyo miqyosida prezidentlik institutining vujudga kelishi demokratiyaning g‘alabasi sifatida qaraladi. Chunki, davlat boshlig‘ini saylash prezidentlik institutining joriy etilishi bilan qo‘llanila boshlandi. Hozirgi vaqtda BMTga aʼzo 192 ta davlatning 143 tasida prezidentlik lavozimi mavjud. Shuning o‘zi ham dunyo xalqlari o‘z taqdirini Prezidentlik instituti bilan bog‘laganligini ko‘rsatadi.

Yurtimizda ham azal-azaldan kuchli hokimiyat tizimi asosida davlatchilik shakllanganligini hisobga olsak, bu naqadar dolzarbligini anglash qiyin emas.

Bugungi kunda sayyoramizda, xususan, Markaziy Osiyo mintaqasida geosiyosiy holat hamon murakkabligicha qolmoqda. Dunyoda sodir bo‘layotgan voqea va hodisalar, urushlar, ularning mazmuni, shakli va turining tez o‘zgaruvchanligi, turli nifoqli hududlarning kengayib borishi, katta davlatlarning kichik davlatlar ustidan hukmronlikka intilishi, bizni eng avvalo milliy manfaatlarimizga mos, xalqimizning tinch va osuda yashashini taʼminlaydigan normalarni yangilangan Konstitutsiyada aks ettirishimizni taqozo etadi.

Dunyo tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, keng ko‘lamdagi davlat va jamiyat, sud-huquq, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar amalga oshirilishi jarayonida ularning natijadorligini baholash uchun yetti yil oqilona muddat hisoblanadi. Chunki parlament, hukumat, sud hokimiyati va hokimlarning ham vakolat muddati besh yil bo‘lib, davlat boshlig‘ining vakolat muddatini ular bilan bir xil bo‘lishi islohotlar davrida barqaror davlat boshqaruvini amalga oshirishga salbiy taʼsir ko‘rsatishi mumkin. Prezident mazkur davlat hokimiyati organlarining kelishilgan holda va hamjihat faoliyat yuritishini taʼminlaydigan organ bo‘lib, uning vakolati yuqoridagi organlar bilan bir vaqtda yakunlanishi davlat hokimiyatida bo‘shliq yuzaga kelishiga olib kelishi mumkin.

Shu nuqtayi nazardan, jamiyatda barqarorlikni, hokimiyat tarmoqlari o‘rtasidagi hamjihatlik va hamkorlikni qaror toptirish, islohotlar uzviyligini taʼminlash uchun besh yil muddat kamlik qiladi. Eʼtiborlisi, bunda Prezidentlik lavozimining vakolat muddati alohida bir shaxs yoki guruh emas, balki xalq manfaatlari bilan uzviy bog‘liqdir. Zero, jamiyat manfaati va istagi xalq saylagan Prezident bilan chambarchasdir.

Italiya, Irlandiya, Isroil, Ozarbayjon, Qozog‘iston kabi mamlakatlarda Prezidentning vakolat muddati yetti yilni tashkil etadi. Tahlillar ushbu davlatlarda islohotlar uzluksiz amalga oshirilayotganligini, iqtisodiy jihatdan esa yuksalayotganligi ko‘rsatmoqda.

Bundan tashqari, Prezident fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga, Konstitutsiya va qonunlarga rioya etilishining kafili hisoblanadi.

Taklif etilayotgan norma ushbu masʼuliyatli vakolatning ijrosini mustahkamlaydi. Mamlakatda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlash bo‘yicha

Prezident majburiyatlarini kuchaytiradi. Prezidentlik instituti ulug‘ maqsadlar yo‘lida jamiyatni birlashtirish va jipslashtirishda konstitutsiyaviy timsol sifatida ham katta amaliy ahamiyatga ega.

Javob: Hukumat har qanday davlatda ijro etuvchi oliy organ bo‘lib, barcha qonun hujjatlari, strategiyalar, davlat dasturlari va rivojlanishning ustuvor yo‘nalishlari ijrosini taʼminlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari bilan uchrashuvda “Konstitutsiyada Vazirlar Mahkamasi va hokimliklarning ekologiya, yoshlar siyosatini amalga oshirish, oilani qo‘llab-quvvatlash, mustahkamlash va himoya qilish, nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish, qulay jamoat transportini rivojlantirish, aholining dam olishi uchun zarur sharoitlar yaratish, fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha masʼuliyatini belgilash lozim”, degan taklifni kiritgan edi.

Ushbu taklif asosida yangilangan Konstitutsiyamizning 115-moddasida Hukumatga quyidagi mazmundagi yangi vakolatlar berildi:

barqaror iqtisodiy o‘sishni, makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlash, kambag‘allikni qisqartirish, aholi uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, qulay investitsiyaviy muhitni yaratish, hududlarni kompleks va barqaror rivojlantirish bo‘yicha choralar ko‘rish;

aholini, shu jumladan nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy ijtimoiy himoya qilish tizimining samarali faoliyat ko‘rsatishini taʼminlash;

atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy boyliklarni va biologik xilma-xillikni saqlash, iqlim o‘zgarishiga, epidemiyalarga, pandemiyalarga qarshi kurashish hamda ularning oqibatlarini yumshatish sohalarida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlash;

yoshlarga oid davlat siyosatining amalga oshirilishini taʼminlash, oilani qo‘llab-quvvatlash, mustahkamlash va himoya qilish, anʼanaviy oilaviy qadriyatlarni saqlash bo‘yicha choralar ko‘rish;

fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlarini amalga oshirish, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda ijtimoiy sheriklik dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda ularning ishtirok etishini taʼminlash;

ijro etuvchi hokimiyat organlarining ishida ochiqlik va shaffoflikni, qonuniylik va samaradorlikni taʼminlash, ularning faoliyatida korrupsiya ko‘rinishlariga qarshi kurashish, davlat xizmatlarining sifati va ochiqligini oshirish bo‘yicha choralar ko‘rish.

Vazirlar Mahkamasiga yuqoridagi vakolatlarning berilishi Hukumatning mamlakatimizda inson qadri uchun prinsipi asosida amalga oshirilayotgan keng qamrovli, shiddatli va xalqchil islohotlar ijrosini to‘liq, o‘z vaqtida va samarali taʼminlashda masʼuliyati va siyosiy javobgarligini kuchaytiradi.

Bunday normalar Germaniya, Yaponiya, Turkiya, Hindiston, Italiya, Ispaniya, Avstriya, Janubiy Koreya kabi mamlakatlar konstitutsiyalarida mavjud.

Siyosiy tizimni rivojlantirish, davlat va jamiyat hayotida siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirish, ular o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirishga yo‘naltirilgan demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va mamlakatni modernizatsiya qilishda siyosiy partiyalarning rolini yanada kuchaytirish bugungi kundagi eng asosiy vazifa hisoblanadi.

Buning yorqin misoli sifatida siyosiy partiyalarning hukumatni, ayniqsa Bosh vazir nomzodini ko‘rsatish jarayonidagi ishtirokini alohida ko‘rsatib o‘tish lozim. Amaldagi Konstitutsiyamizning 98-moddasiga ko‘ra, Bosh vazir nomzodi Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylovda eng ko‘p deputatlik o‘rinlarini olgan siyosiy partiya yoki teng miqdordagi eng ko‘p deputatlik o‘rinlarini qo‘lga kiritgan bir necha siyosiy partiya tomonidan taklif etiladi. Lekin ushbu konstitutsiyaviy qoida, Bosh vazir nomzodini ko‘rsatish jarayonida boshqa siyosiy partiyalarning ishtirok etish huquqini cheklab qo‘ygan edi.

Yangilangan Konstitutsiyamizning 118-moddasiga ko‘ra, Bosh vazir nomzodi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Qonunchilik palatasida faoliyat yuritayotgan barcha siyosiy partiya fraksiyalari bilan maslahatlatlashuvlar o‘tkazilganidan so‘ng Qonunchilik palatasi ko‘rib chiqishi va maʼqullashi uchun taqdim etiladi.

Kiritilgan mazkur yangilikning ahamiyatini nimalarda ko‘rish mumkin?

Birinchidan, shu vaqtga qadar Bosh vazir nomzodini ko‘rsatishda eng ko‘p deputatlik o‘rinlarini olgan siyosiy partiya ishtirok etgan bo‘lsa, endilikda barcha siyosiy partiya fraksiyalariga bu borada teng imkoniyat taqdim etiladi;

ikkinchidan, har bir siyosiy partiyaning pirovard maqsadi bo‘lgan, hukumatni shakllantirish jarayoniga bevosita ishtirok etish imkoniyati taqdim etildi;

uchinchidan, ushbu o‘zgartish orqali har bir siyosiy partiya o‘z saylovoldi platformasidagi eng muhim vazifalarni Hukumat dasturiga kiritish orqali amalga oshirish huquqiga ega bo‘ladi;

to‘rtinchidan, Bosh vazir nomzodini ko‘rib chiqish va maʼqullash vakolati Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatiga o‘tkazildi.

Shu o‘rinda qayd etish lozimki, ayrim mamlakatlarda, masalan, Qozog‘iston va Ozarbayjon Konstitutsiyalarida hukumat rahbari (Bosh vazir) nomzodi Prezident tomonidan hech qanday qo‘shimcha maslahatlashuvlarsiz parlamentga kiritish amaliyoti mustahkamlanganligini ko‘rishimiz mumkin.

Bir so‘z bilan aytganda, mazkur o‘zgartish mamlakatimizda ijtimoiy-siyosiy islohotlar jarayonlarida barcha siyosiy partiyalarni faollashtirish va ularning hukumat shakllanishi va faoliyatiga taʼsirini oshirish orqali parlament nazoratini kuchaytirishning samarali mexanizmlarini yaratishga qaratilgan navbatdagi muhim qadam sifatida eʼtirof etsak bo‘ladi.

Javob: O‘zbekistonda xalq hokimiyatchiligini rivojlantirish, hokimiyatlar bo‘linishi prinsipini amalda ro‘yobga chiqarish, bunda alohida urg‘u mahalliy Kengashlarni boshqaruvdagi rolini oshirib borishga qaratilmoqda. So‘nggi yillarda mahalliy Kengashlarga prokuratura, ichki ishlar organlari, adliya, tibbiyot bo‘limlari va tashkilotlar rahbarlarining hisobotlarini eshitish bo‘yicha yangi vakolatlar berildi.

O‘zbekiston Prezidenti Sh.Mirziyoyevning Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari bilan 2022-yil 20-iyunda bo‘lib o‘tgan uchrashuvdagi nutqida “Bu islohotning joriy etilishi hokimiyat vakolatlarini bo‘linish prinsipini mahalliy darajada tatbiq etishga, mahalliy kengashlar faoliyati samaradorligini, hokimlarning xalq vakillari oldidagi masʼuliyatini oshirishga olib keladi. Hududlarda xalq manfaatlarini to‘liq taʼminlashga, hokimliklar faoliyati ustidan kengashlar

va jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga xizmat qiladi”, deb taʼkidlandi.

Ushbu g‘oya asosida yangilangan Konstitutsiyamizning 120 va 121-moddalariga quyidagi o‘zgartirishlar kiritildi:

birinchidan, “viloyatlar, tumanlar va shaharlardagi (tumanga bo‘ysunadigan shaharlardan tashqari) xalq deputatlari Kengashlari davlat hokimiyati vakillik organlaridir”, degan norma orqali ushbu organning maqomi belgilandi. Bu bilan; mahalliy darajada vakillik va ijro etuvchi hokimiyat funksiyalari ajratiladi.

ikkinchidan, “xalq deputatlari Kengashiga uning deputatlari orasidan qonunga muvofiq saylanadigan rais boshchilik qiladi”,Tegishli hududdagi ijro etuvchi hokimiyatga viloyat, tuman va shahar hokimi boshchilik qiladi”, deb belgilanib, ushbu yangilik asosida mahalliy Kengashlarning faoliyati, avvalambor, mahalliy aholi manfaatlaridan kelib chiqib qarorlar qabul qilishga yo‘naltirilsa, hokimning faoliyati esa mazkur qarorlarni ijro qilishga qaratiladi;

uchinchidan, “viloyat, tuman, shahar hokimi lavozimini egallab turgan shaxs bir vaqtning o‘zida xalq deputatlari Kengashining raisi lavozimini egallashi mumkin emas” degan qatʼiy norma mustahkamlanib, hokimning maqomiga, yaʼni Kengashlarning rahbari bo‘la olmasligi to‘g‘risida alohida aniqlik kiritildi.

Ushbu yangilikning ahamiyati shundaki, ushbu normaning qabul qilinishi natijasida hokimiyatlar bo‘linishi prinsipi mahalliy darajada tatbiq etilib, Kengashlar vakolati kengaytirilishiga, hokimliklar faoliyati ustidan Kengashlar nazoratini kuchaytirishga, hokimlarning masʼuliyatini oshirishga zamin yaratiladi. 

JavobKuchli fuqarolik jamiyati asoslarini shakllantirishda, chinakam xalq hokimiyatini barpo etishda, fuqarolar manfaatlarini ishonchli himoya qilishni mustahkamlashda davlat hokimiyatining mahalliy vakillik organlari alohida o‘rin tutadi. Islohotlarning xozirgi davri mahalliy vakillik hokimiyati va hokimlarining vakolatlarini aniq ajratishni talab qiladi.

Mahalliy davlat hokimiyati organlari deganda qonunchiligimiz bo‘yicha viloyat, tuman va shaharlardagi xalq deputatlari Kengashlari hamda ijro hokimiyati tushuniladi.

Shu bois, yangilangan Konstitutsiyamizning 122-moddasida xalq deputatlari Kengashlarining vakolatlari alohida belgilanib, ular quyidagicha ifodalanadi:

birinchidan, tegishli mahalliy byudjetlarni ko‘rib chiqish va qabul qilish, ularning ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish vakolati mustahkamlandi. Bu esa mahalliy byudjetlarni aholining manfaatlarini, hududning ijtimoiy-iqtisodiy xususiyatlarini inobatga olgan holda ko‘rib chiqishga va qabul qilishga xizmat qiladi. Shuningdek, byudjet mablag‘larini ijro etilishi ustidan taʼsirchan deputatlik nazoratini o‘rnatishga sharoit yaratadi;

ikkinchidan, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholini ijtimoiy himoya qilish dasturlarini tasdiqlash vakolati belgilandi. Bunday dasturlarda hududning amaldagi ijtimoiy-iqtisodiy holati chuqur tahlil qilinadi, aholining muammolari maqsadli hal qilishga yo‘naltiriladi va aholining ijtimoiy himoyaga bo‘lgan talablari to‘liq hisobga olinadi.

uchinchidanhokimni lavozimga tasdiqlash, uning faoliyati to‘g‘risidagi hisobotlarni eshitish vakolati esa, mahalliy ijroiya hokimiyati organlari rahbarligiga xalq dardi bilan yashaydigan eng munosib nomzodlarni tanlash va tasdiqlashga, ular faoliyatining ochiqligiga, aholi oldida masʼuliyati va hisobdorligining oshishiga xizmat qiladi.

Shu o‘rinda, “Mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish to‘g‘risidagi Yevropa Xartiyasida mahalliy vakillik organlariga xos bo‘lgan vakolatlar mamlakatning Konstitutsiya va qonunlarida aniq belgilab qo‘yilishi kerak, degan tavsiya belgilangan. Shuningdek, mahalliy vakillik organlarining vakolatlari Avstriya konstitutsiyasida ham belgilangan.

Konstitutsiyada xalq deputatlari Kengashlarining konstitutsiyaviy vakolatlarini alohida belgilanishining ahamiyati shundaki, mazkur holat mahalliy vakillik organi mustaqilligini mustahkamlashga, ular oldida turgan vazifalarni hokimiyatlar bo‘linishi prinsipiga muvofiq aniq belgilashga va mazkur vazifalarni bajarishda ularning masʼuliyatini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Javob: Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari (mahalla) – asrlar osha milliy urf-odat va anʼanalarimizni bezavol saqlab, xalqimiz uchun ezgulik va tarbiya beshigi, yaxshi qo‘shnichilik va hamjihatlik maskani bo‘lib kelmoqda. Uning bevosita aholi tomonidan shakllantirilib, davlatdan mustaqil holda faoliyat yuritib, o‘z hududida yashab kelayotgan aholining manfaatlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ifoda etishi kuchli fuqarolik jamiyatining asosiy talabidir.

Bugungi kunda mamlakatimizdagi qariyb o‘n mingga yaqin mahallalar respublikamizda amalga oshirilayotgan izchil demokratik islohotlarni bosqichma-bosqich amalga oshirilishiga ko‘maklashmoqda.

Shu bois, yangilangan Konstitutsiyamizning 127-moddasida “fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari davlat hokimiyati organlari tizimiga kirmaydi hamda mahalliy ahamiyatga molik masalalarni fuqarolarning manfaatlaridan, rivojlanishning tarixiy o‘ziga xos xususiyatlaridan, shuningdek milliy va maʼnaviy qadriyatlardan, mahalliy urf-odatlar va anʼanalardan kelib chiqqan holda, qonunga muvofiq mustaqil ravishda hal etishga haqli” degan yangi norma belgilandi.

Mazkur o‘zgarishlarning ijtimoiy-siyosiy ahamiyati shundaki, birinchidan, davlatga mazkur organlarning o‘z vazifa va vakolatlarini amalga oshirishida ularning mustaqilligini taʼminlash vazifasini yuklaydi, ikkinchidan, mahallaning siyosiy-huquqiy institut ekanligini va u o‘z hududi aholisining huquq, erkinligi va qonuniy manfaatlarini ro‘yobga chiqarish va himoya qilishga safarbar etilganligini belgilaydi, uchinchidan, mahalla o‘z faoliyatini rivojlanishning o‘ziga xos tarixiy xususiyatlari, milliy va maʼnaviy qadriyatlar va mahalliy urf-odatlar hamda anʼanalarga tayanib amalga oshiradi.

Ushbu yangilikning huquqiy ahamiyati shundaki, mazkur normalar orqali fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarini nodavlat anʼanaviy boshqaruv tizimiga ega organlar sifatida huquqiy kafolatlash, ular faoliyatiga davlat idoralari noqonuniy aralashuvining oldini olish uchun konstitutsiyaviy darajada mustahkam va barqaror huquqiy poydevor yaratiladi.

Bu kabi tajriba Germaniya, Avstriya, Yaponiya, Shvetsiya, Daniya kabi mamlakatlar konstitutsiyalarida mavjud.

Konstitutsiyamizda mazkur kafolatning belgilanishi esa mahallalarga o‘z hududini mustaqil boshqarish, aholi manfaatlaridan kelib chiqib davlat bilan sheriklik asosida muammolarni hal etib borish, hududni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirish, samarali jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, aholi farovonligini taʼminlashga muhim imkoniyatlarni taqdim etadi.