narrator-icon
100 ta savolga 100 ta javob

Javob: Davlatlar o‘rtasida doimiy do‘stlikka asoslangan munosabatlarni rivojlantirish, jahon va mintaqa darajasida tinchlikni taʼminlash xalqaro munosabatlarning dolzarb masalasi hisoblanadi.

O‘zbekiston o‘z taraqqiyot bosqichida ochiq, o‘zaro hurmat, tenglik va manfaatdorlik, yaxshi qo‘shnichilik prinsiplariga asoslangan tashqi siyosat olib bormoqda.

Ayni shu maqsadda yangilangan Konstitutsiyamizning 18-moddasiga “O‘zbekiston Respublikasi davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan ikki va ko‘p tomonlama munosabatlarni har taraflama rivojlantirishga qaratilgan tinchliksevar tashqi siyosatni amalga oshiradi” degan qo‘shimcha belgilandi.

BMT Nizomida ham xalqlar bir-birlari bilan murosayu-madora va toqatlilikni namoyon qilib, tinchlik sharoitida yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini shakllantirib yashashlari lozimligi mustahkamlangan.

Tinchliksevar siyosat deganda, davlatlarning siyosiy-iqtisodiy va ijtimoiy tuzimlari va ularning rivojlanish darajasidan qatʼiy nazar, erkinlik, tenglik, adolat va insonning asosiy huquqlarini hurmat qilish, shuningdek, davlatlar va xalqlar o‘rtasida tinchlikni mustahkamlashi tushuniladi.

O‘zbekistonning mintaqamizda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, mamlakatimizning xalqaro maydondagi salohiyatini kengaytirish va xorijiy davlatlar bilan keng qamrovli hamda o‘zaro manfaatli aloqalarini rivojlantirish yo‘nalishlari qonun bilan tasdiqlangan “Tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasi”da belgilangan.

Davlatimiz tashqi siyosatini dunyoning 131 ta davlati bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatib, 38 ta davlatda 37 ta elchixonalar, 17 ta shaharda bosh konsulxonalar, BMT va boshqa xalqaro tashkilotlarda doimiy vakolatxonalarimiz faoliyat yuritmoqda.

Javob: Inson tug‘ilganidan boshlab tegishli bo‘lgan tabiiy va ajralmas huquqlar sirasiga inson hayoti, shaʼni, qadr-qimmati, ozodligi, tengligi, erkin bo‘lishi, xavfsizligi, daxlsizligi kiradi va bu huquqlar qonunlarda belgilanganligi yoki belgilanmaganligidan qatʼiy nazar insonga azaliy tegishlidir, deb eʼtirof etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev 2022-yilning 20-iyun kuni Konstitutsiyaviy komissiya bilan uchrashuvda “Insonning qadr-qimmati, asosiy huquq va erkinliklari daxlsiz, ajralmasdir, ular har kimga tug‘ilganidan boshlab tegishli bo‘ladi”, deb taʼkidlagan edi.

Huquqiy demokratik davlatda insonning qadr-qimmati, asosiy huquq va erkinliklarining daxlsizligi, ajralmasligini belgilash bilan bir qatorda, ularni har kimga tug‘ilganidan boshlab tegishli ekanligini tan olinishi muhim ahamiyat kasb etadi.

Ayni shu maqsadda yangilangan Konstitutsiyamizning 19-moddasiga insonning huquq va erkinliklari har kimga tug‘ilganidan boshlab tegishli bo‘ladi, degan muhim qoida belgilandi.

Ushbu qoida bilan insonning asosiy, tabiiy va ajralmas huquqlarini taʼminlash davlat va jamiyatning eng asosiy vazifasi sifatida Konstitutsiya darajasida mustahkamlandi. Mazkur huquqlarga yashash huquqi, erkinlikka bo‘lgan huquq, shaxsiy va uy-joy daxlsizligi, boshpana huquqi, mulk huquqi, sud himoyasiga bo‘lgan huquq, so‘z va eʼtiqod erkinligi huquqi, erkin harakatlanish, yashash joyini tanlash, fuqarolikka ega bo‘lish, mehnat qilish huquqi, bilim olish huquqi, tibbiy huquq va boshqa shu kabilar kiradi.

Insonning huquq va erkinliklari har kimga tug‘ilganidan boshlab tegishli bo‘lishi O‘zbekiston aʼzo bo‘lgan inson huquqlariga oid 80 dan ortiq xalqaro hujjatlarda belgilangan. Ular orasida umumeʼtirof etilgan inson huquqlari bo‘yicha BMTning 7 ta asosiy shartnomasi va ularga qo‘shimcha protokollar, YUNESKO, Xalqaro mehnat tashkilotining xalqaro konvensiyalari, Xalqaro gumanitar huquq konvensiyalari, YEXHTning “Insoniylik mezonlari” hujjatlari, shuningdek, Islom hamkorlik tashkiloti, MDH kabi mintaqaviy tashkilotlarning hujjatlarini milliy qonunchilikni yanada takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Insonning huquq va erkinliklari har kimga tug‘ilganidan boshlab tegishli bo‘ladi degan norma Ispaniya, Italiya, Sloveniya, Chexiya konstitutsiyalarida belgilangan.

Javob: Inson shaʼni va qadr-qimmati, daxlsizligi oliy qadriyat bo‘lib, huquqiy demokratik davlat va adolatli fuqarolik jamiyatida uni amalda taʼminlash muhim ahamiyatga ega.

O‘zbekiston Prezidenti Sh.Mirziyoyev 2022-yilning 20-iyun kuni Konstitutsiyaviy komissiya bilan uchrashuvda “Inson qadrini yuksaltirish haqiqatda davlat hokimiyati organlarining konstitutsiyaviy burchi va ustuvor vazifasi bo‘lmog‘i shart”, deb taʼkidlagan edi.

Shu nuqtai-nazardan, yangilangan Konstitutsiyamizning 26-moddasida insonning shaʼni va qadr-qimmati daxlsizdir, degan insonparvar norma mustahkamlandi.

Inson shaʼnibu insonning boshqa odamlar oldida o‘z ahamiyatini anglashi yoki insonning maʼnaviy obro‘sidir.

Inson qadr-qimmatibu shaxsning o‘zini o‘zi hurmat qilishi, jamiyat aʼzosi sifatida o‘z mavqei va ahamiyatini anglashidir.

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi (1948-yil), Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt (1966-yil), Qiynoqlarga hamda muomala va jazolashning boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsitadigan turlariga qarshi Konvensiya (1984-yil) kabi xalqaro xujjatlarda inson shaʼni va qadr-qimmatini kamsitadigan, uning or-nomusi, shaxsiy hayotiga taalluqli maʼlumotlar oshkor bo‘lishiga olib keladigan, hayoti va sog‘ligini xafv ostiga qo‘yadigan, asossiz ravishda unga jismoniy, maʼnaviy yoki ruhiy azob-uqubat yetkazadigan harakatlar qilish taqiqlanishi shaxs shaʼni va qadr-qimmatini hurmat qilishning asl mohiyatini tashkil etadi.

Davlat organlari, mansabdor shaxslar, ayniqsa, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror, sudya va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari o‘z faoliyatida har qanday holatda ham inson shaʼni, or-nomusi, va qadr-qimmatiga daxl qilmasligi, kamsitmasligi, aksincha ularga insoniy munosabatda bo‘lishlari lozim.

Masalan, shaxsiy tintuv tintilayotgan shaxs bilan bir jinsdagi surishtiruvchi yoki tergovchi tomonidan mutaxassis hamda xolislar ishtirokida o‘tkazilishi ham inson shaʼni va qadr qimmatini taʼminlashga qaratilgan maxsus qoida hisoblanib, uni buzish tegishli javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Shu nuqtayi nazardan, milliy qonunchilikda inson shaʼni va qadr-qimmatiga qarshi sodir etilgan huquqbuzarlik uchun maʼmuriy va jinoiy javobgarlik belgilangan bo‘lsa, fuqarolik qonunchiligida esa ularga yetkazilgan zararni qoplashga doir maxsus normalar nazarda tutilgan.

AQSH, Germaniya, Fransiya, Ispaniya kabi davlatlar konstitutsiyalarida ham inson shaʼni va qadr-qimmatining daxlsizligini himoya qiluvchi alohida normalar o‘z ifodasini topgan.

Javob: Inson huquq va erkinliklarini Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlash, xalqaro standartlarga muvofiqligini taʼminlash huquqiy demokratik davlatning ustuvor vazifalaridan biridir.

Hozirgi vaqtda O‘zbekiston inson huquqlari bo‘yicha 80 dan ortiq xalqaro hujjatlarga, jumladan BMTning 7 ta asosiy shartnomalari va 4 ta fakultativ protokoliga qo‘shilgan bo‘lib, ularning amalga oshirilishi yuzasidan BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi va shartnomaviy qo‘mitalariga muntazam ravishda milliy maʼruzalarni taqdim etib kelmoqda.

Yangilangan Konstitutsiyamizning 19-moddasiga “O‘zbekiston Respublikasida insonning huquq va erkinliklari xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan normalariga binoan hamda ushbu Konstitutsiyaga muvofiq eʼtirof etiladi va kafolatlanadi”, degan insonparvar norma mustahkamlandi.  

Konstitutsiyaga kiritilgan ushbu norma inson huquq va erkinliklarini O‘zbekiston Konstitutsiyasi va xalqaro hujjatlarga muvofiq tan olinishini, xususan, xalqaro hujjatlarda ko‘rsatilgan umumeʼtirof etilgan normalarni amaliyotda to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llash, milliy qonunchilik hujjatlariga singdirish va boshqa mexanizmlar orqali taʼminlashni ko‘zda tutadi.Konstitutsiyaga kiritilgan ushbu norma inson huquq va erkinliklarini O‘zbekiston Konstitutsiyasi va xalqaro hujjatlarga muvofiq tan olinishini, xususan, xalqaro hujjatlarda ko‘rsatilgan umumeʼtirof etilgan normalarni amaliyotda to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llash, milliy qonunchilik hujjatlariga singdirish va boshqa mexanizmlar orqali taʼminlashni ko‘zda tutadi. 

Inson hamda fuqaroning huquq va erkinliklari xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan normalariga hamda Konstitutsiyaga muvofiq eʼtirof etilishi deyarli barcha demokratik davlatlar konstitutsiyalarda belgilangan.

Javob: Inson huquqlari har bir insonga tegishli bo‘lgan, uning yashash joyi, millati, jinsi, etnik kelib chiqishi, tanasining rangi, dini, tili va boshqa belgilaridan qatʼi nazar, ajralmas, o‘zaro bog‘liq huquqlari va erkinliklaridir. Inson huquqlari qadr-qimmat, adolat, tenglik, hurmat va mustaqillik kabi umumiy qadriyatlarga asoslanadi. Ushbu qadriyatlar konstitutsiyalar, qonunlar va xalqaro shartnomalar bilan himoya qilinadi.

Yangilangan Asosiy qonunimizning 20-moddasida “Insonning huquq va erkinliklari bevosita amal qiladi”, degan inson huquqlarini bevosita amalga oshirilishiga oid muhim norma mustahkamlandi.

Insonning asosiy huquq va erkinliklarining bevosita amal qilishi deganda, shaxsning Konstitutsiyaga bevosita asoslanib, barcha qonuniy vositalardan foydalangan holda ularni himoya qilish imkoniyati tushuniladi.

Inson asosiy huquq va erkinliklarining bevosita amal qilishi ularni to‘laqonli amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Mazkur norma, bir tomondan, shaxsning huquqiy maqomini mustahkamlash, kengaytirish va rivojlantirishni va ikkinchidan, shaxsni huquqiy himoyasi mexanizmini takomillashtirishni taʼminlaydi.

Inson huquqlarini bevosita amal qilishi prinsipining umumqabul qilingan taʼrifi bo‘lmasada, asosan inson huquqlarini amal qilishi alohida qonun, qoida qabul qilishga yoki maxsus organ tuzishga bog‘liq bo‘lmasligini nazarda tutadi.

Shundan kelib chiqib, ushbu prinsipni konstitutsiyaviy norma sifatida belgilanishi quyidagi imkoniyatlarni yaratadi: birinchidan, fuqarolarimiz uchun o‘z inson huquqlarini bevosita himoya qilish imkoniyatini beradi; ikkinchidan, sudlar inson huquqlarini himoyasiga oid muayyan ishlarni ko‘rayotganda Konstitutsiyadagi inson huquqlariga oid normalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llash imkoniyatini yaratadi; uchinchidan, barcha darajadagi davlat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va ularning mansabdor shaxslari o‘z faoliyatida inson huqulariga bevosita amal qilishi qoidasiga rioya qilish shartligini yana bir bor eslatib turadi.

Javob: Qonunlarning mazmun-mohiyati hamda davlat organlari, mansabdor shaxslar faoliyatining asosiy maqsadi inson qadrini taʼminlashdan iboratdir.

Darhaqiqat, insonni ulug‘lash uning huquq va erkinliklarini taʼminlash hamda uning baxtli hayoti uchun zarur sharoit yaratishdan boshlanadi.

Yangilangan Konstitutsiyamizning 20-moddasida insonning huquq va erkinliklari qonunlarning, davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ularning mansabdor shaxslari faoliyatining mohiyati va mazmunini belgilaydi, degan muhim norma mustahkamlandi.

Insonning huquq va erkinliklari qonunlar, davlat organlari va mansabdor shaxslar faoliyatining mazmunini belgilashi haqida konstitutsiyaviy normaning ahamiyati quyidagilarda namoyon bo‘ladi:

birinchidan, insonning huquq va erkinliklari bevosita amal qilishi deganda, avvalo qonun chiqaruvchi tomonidan insonning huquqlari qonunchilikda to‘liq belgilanishi, shu asosda huquqni qo‘llovchi vakolatli organlar va mansabdor shaxslar tomonidan o‘z faoliyatini tashkil etishi hamda sudlar tomonidan odil sudlovni amalga oshirishda qonun talablaridan kelib chiqqan holda inson huquqlarini himoya qilish nazarda tutiladi;

ikkinchidan, insonning har bir konstitutsiyaviy huquq va erkinliklari davlat va fuqaro o‘rtasidagi huquqiy munosabat mazmunini belgilab beradi. Yaʼni, ushbu normalarni amalda taʼminlash, muhofaza etish davlat organlariga majburiyat sifatida yuklanadi. Shu asnoda, fuqarolarning huquqlar va erkinliklari kengayib, ularning manfaatlari to‘laroq ifoda etilishiga erishiladi.

Javob: Qonunning asosiy maqsadi inson, uning huquq va erkinliklarini ro‘yobga chiqarish va himoya qilishdan iboratdir. Yaʼni, qonunlar kimgadir ortiqcha majburiyat yoki xarajat yuklashi mumkin emas. Aksincha, qonunlar vositasida jamiyat huquqiy jihatdan tartibga solinadi, insonlar hayoti barqarorlashtiriladi va bir maromda ketishi taʼminlanadi.

Yangilangan Konstitutsiyamizning 20-moddasida davlat organlari tomonidan insonga nisbatan qo‘llaniladigan huquqiy taʼsir choralari mutanosiblik prinsipiga asoslanishi va qonunlarda nazarda tutilgan maqsadlarga erishish uchun yetarli bo‘lishi kerak, degan qatʼiy norma belgilandi.

Qonunlarning pirovard maqsadi ham inson, uning huquq va erkinliklarini himoya qilishdan iboratdir. Biroq, qonunchilikda bir insonning huquq va erkinliklarini himoya qilish yo‘lida boshqa insonga bajarish juda qiyin yoki ilojsiz bo‘lgan majburiyatlarni yuklovchi normalar mavjud. Masalan, amaliyotdagi bir holat: fuqaroning ipoteka kreditidan 3 million so‘mlik uch oylik qarzi bor. Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, bank qarzdorni sudga beradi. Lekin, bu masalada daʼvo arizasi 3 million so‘m, yaʼni real qarz bo‘yicha emas, balki kreditning to‘lanmagan qismiga, deylik, 250 million so‘mga nisbatan beriladi. Sud arizani ko‘rib chiqib, qarzdordan 10 million so‘mdan ortiq davlat boji undirish va shartnomani bekor qilish bo‘yicha qaror qabul qiladi. 3 million so‘mni to‘lay olmagan fuqaro 10 million davlat bojini qanday to‘laydi? Ko‘rish mumkinki, sud qo‘llagan huquqiy taʼsir chora maqsadga erishishga nisbatan mutanosib emas.

Shu bois, eng muhim konstitutsiyaviy prinsiplardan biri bo‘lgan mutanosiblik prinsipi ilk bor Konstitutsiyamizda o‘z ifodasini topmoqda. Mazkur prinsip mohiyatan inson huquqlarining himoyasini kuchaytirishga yo‘naltirilgan bo‘lib, inson huquqlari davlat tomonidan cheklanishining asosliligini aniqlovchi mezon hisoblanadi.

Mazkur normaga o‘xshash qoidalar qator rivojlangan mamlakatlar konstitutsiyalarida, xususan Germaniya Asosiy qonunida ham o‘z aksini topgan.

Ushbu qoida fuqarolarning davlat idoralari bilan bo‘layotgan munosabatlarida yuzaga keladigan qator muammolarni hal etib, o‘z vazifalarini inson huquqlariga rioya qilgan holda amalga oshirish imkoniyatini kengaytiradi. Mazkur norma qonunlar va boshqa qonun hujjatlarida ham belgilangan, mansabdor shaxslar qarorlari va faoliyatida qo‘llanilgan huquqiy taʼsir choralari ko‘zlangan qonuniy maqsadga erishish uchun mos va yetarli bo‘lishi hamda manfaatdor shaxslarga imkon qadar qiyinchilik tug‘dirmasligi, insonlarga moddiy va maʼnaviy ziyon yetkazilmasligini oldini olishga xizmat qiladi.

Javob: Huquqiy davlatda barcha munosabatlar qonun-qoidalar bilan tartibga solinishi lozim. Hech bir munosabat huquqiy yechimsiz qolmasligi shart. Ammo, ijtimoiy munosabatlarning doirasi juda keng bo‘lib, davlat va inson o‘rtasidagi ayrim munosabatlarni tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlarida noaniqliklar bo‘lishi mumkin. Shunday holatlarda qonunchilikdagi noaniqliklar kimning foydasiga, qanday tartibda hal etilishi va talqin etilishi muhim hayotiy ahamiyat kasb etadi.

Yangilangan Konstitutsiyamizning 20-moddasida “Inson bilan davlat organlarining o‘zaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin qilinadi”, degan insonparvar qoida mustahkamlandi.

Mazkur qoidaga o‘xshash normalar Jinoyat-protsessual, Bojxona, Soliq kodekslari, shuningdek “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi, “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi, “Maʼmuriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi qonunlarda ham o‘z aksini topgan bo‘lib, amaliyotda qonunchilikdagi nomuvofiqliklar isteʼmolchilar, soliq to‘lovchilar, tadbirkorlik subyektlari, jinoyat protsessi ishtirokchilari foydasiga talqin etilmoqda.

Endilikda ushbu qoidaning Konstitutsiyada mustahkamlanishi uning qo‘llanish doirasini yanada kengaytiradi. Yaʼni, nafaqat jinoyat protsessi, soliq yoki tadbirkorlik sohasida, balki inson ishtirok etishi mumkin bo‘lgan har qanday ijtimoiy-huquqiy munosabatlarga tatbiq etish imkonini beradi.

Davlat va inson o‘rtasida munosabatlarni tartibga soluvchi qonunchilikdagi noaniqliklar turli tushunmovchiliklarga, inson va fuqarolarning ortiqcha ovoragarchiligiga olib keladi. Masalan, Soliq kodeksining o‘zida muayyan bir masala yuzasidan turlicha norma belgilangan bo‘lishi yoki tadbirkorlikka oid bitta qonunda boshqa norma, ikkinchi qonunda boshqacha norma belgilangan bo‘lishi mumkin. Bunday nomuvofiqlikni, tabiiyki, soliq organi davlat foydasiga, fuqaro esa o‘z foydasiga talqin qilinishini xohlaydi. Konstitutsiyaga kiritilgan norma esa shunday nomuvofiqliklar davlat emas, inson foydasiga hal etiladi, degan qatʼiy normani aniq-ravshan mustahkamlandi.

Javob: Yangilangan Konstitutsiyamizning 21-moddasiga “Insonning huquq va erkinliklari faqat qonunga muvofiq va faqat konstitutsiyaviy tuzumni, aholining sog‘lig‘ini, ijtimoiy axloqni, boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamoat xavfsizligini hamda jamoat tartibini taʼminlash maqsadida zarur bo‘lgan doirada cheklanishi mumkin”, degan norma mustahkamlandi.

Taʼkidlash kerakki, Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning 12, 19, 21, 22-moddalarida insonning huquq va erkinliklari faqat qonunda nazarda tutilgan davlat xavfsizligini, jamoat tartibini, aholi salomatligi va maʼnaviyatini yoki boshqalarning huquq va erkinliklarini muhofaza qilish uchun zarur bo‘lgan cheklashlar qo‘llanishi mumkin.

Konstitutsiyamizga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, fuqarolarning huquqlarini cheklash faqat qonun bilan belgilangan tartib va asosda amalga oshiriladi.

Jamiyat manfaatlarini ko‘zlagan holda inson huquq va erkinliklarini cheklash qonunda belgilangan tartib va asoslarga muvofiq amalga oshirilgandagina qonuniy hisoblanadi.

Huquqlarni cheklash asoslari esa, avvalambor, jamoat xavfsizligi va tartibini taʼminlashga, boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilishga yo‘naltirilgan. Masalan, “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida”gi Qonunga asosan 2020-yilda COVID-19 pandemiyasi tufayli, O‘zbekistonda karantin rejimi eʼlon qilinib, aholining harakat erkinligi katʼiy cheklandi va bu cheklov aholi salomatligini saqlash, pandemiyaning keng tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida amalga oshirilgan edi.

Ushbu normani Konstitutsiyamizda aks ettirilishi belgilangan holatlarda individual huquqlar, yaʼni alohida shaxsga tegishli huquqlardan jamoaviy huquqlarni taʼminlash ustuvor ekanligini nazarda tutadi. Bunda aholi salomatligi, turli xil xavf-hatar va tahdidlardan xalqimizni himoyalash, barqaror rivojlanishni va farovonlikka erishish maqsadida bunday cheklovlar nazarda tutiladi.

Javob: Rivojlanish, yaʼni kamol toptirish huquqi, keng qamrovli iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va siyosiy jarayon bo‘lib, shaxsning farovonligini doimiy ravishda oshirishni nazarda tutadi.

Asosiy qonunimizda “inson – jamiyat – davlat” tamoyili huquqiy jihatdan rasmiylashtirilishi natijasida davlat va jamiyatning siyosiy-huquqiy qiyofasi o‘zgarmoqda. Insonning haq-huquqlarini muhofaza qilish, uning baxt-saodatini taʼminlash davlat siyosatining asosiy mazmuni, barcha davlat organlari faoliyatining eng ustuvor maqsadiga aylanmoqda.

Shu bois, yangilangan Konstitutsiyamizning 21-moddasiga har bir inson o‘z shaxsini erkin kamol toptirish huquqiga ega, degan norma belgilandi.

Demokratik islohotlarning mezoni sifatida “Davlat inson uchun” tamoyili belgilanishi ushbu jarayonlarning lokomotivi, qolaversa, barcha boyliklar, neʼmatlarning bosh isteʼmolchisi inson ekanligini yana bir bor taʼkidlaydi. O‘z shaxsini erkin kamol toptirish huquqi inson salohiyatining yangi qirralarini namoyon qilish, barcha imkoniyatlarni ro‘yobga chiqarishning bosh omili hisoblanadi. Shaxslarning maʼnaviy, intellektual, jismoniy

va ahloqiy jihatdan kamol topishiga ko‘maklashish esa har bir davlatning eng muhim vazifalaridan biridir.

BMTning 1986-yildagi Rivojlanishga bo‘lgan huquq to‘g‘risidagi Deklaratsiyada qayd etilganidek, inson rivojlanish jarayonining asosiy subyekti hisoblanadi.

Shu bilan birga, shuni yodda tutish kerakki, mazkur yangilik “o‘zboshimchalik”ni nazarda tutmaydi, chunki Konstitutsiyamizning 21-moddasi ikkinchi qismida insonning o‘z huquq va erkinliklarini amalga oshirishda boshqa shaxslarning, jamiyat hamda davlatning huquqlari, erkinliklari

va qonuniy manfaatlariga putur yetkazmasligi kerakligi aniq ko‘rsatilgan.

O‘z shaxsini erkin kamol toptirish huquqibu insonning o‘z shaxsini erkin rivojlantirish, qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan har qanday harakatni amalga oshirish huquqiga ega bo‘lishidir.

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida ham aynan “har bir inson qayerda bo‘lishidan qatʼi nazar, o‘zining huquq subyekti sifatida tan olinishiga haqli” degan qoida bejizga mustahkamlanmagan.

Yuridik jihatdan shaxsni erkin kamol toptirish huquqi uning huquqlarini qonunchilikda kafolatlash, so‘ngra ularni taʼminlash orqali amalga oshiriladi. O‘zbekiston qonunchiligi “inson, uning hayoti, erkinligi, shaʼni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi” degan oltin qoida bilan singdirilganligi erkin kamol toptirish huquqini amalga oshirish uchun barcha imkoniyatlar mavjudligini anglatadi.